Ozarbayjon parlamenti Yevropa parlamenti bilan munosabatlarni to‘liq to‘xtatdi
Olam
−
02 may 3125 2 daqiqa
Kecha, 1 may kuni Ozarbayjon parlamenti – Milliy Majlis Yevropa parlamenti bilan munosabatlarni to‘liq to‘xtatganini e’lon qildi. Bu haqda “Azertac” xabar berdi.
Baku rasmiylariga ko‘ra, bunga sabab Yevropa parlamentining “anti-Ozarbayjon faoliyati” hamda konstruktiv muloqotning yo‘qligidir. Ozarbayjon tomonining fikricha, Yevropa parlamenti destruktiv pozitsiya (vaziyatni yaxshilash o‘rniga yomonlashtiradi) tutmoqda, xalqaro huquq normalarini e’tiborsiz qoldirmoqda va qariyb 30 yil davom etgan hududlar okkupatsiyasi, vayronagarchiliklar hamda bir milliondan ortiq majburiy ko‘chirilgan shaxslar taqdiriga befarq bo‘lgan.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi – Ozarbayjon qo‘mitasi va Yevronest Parlament Assambleyasi kabi hamkorlik formatlari mamlakat ichki ishlariga bosim va aralashuv vositasi sifatida ishlatilgani ta’kidlangan.
Yevropa parlamenti – bu Yevropa Ittifoqining asosiy tashkilotlaridan biri bo‘lib, u yerda turli davlatlardan saylangan deputatlar ishlaydi. Ular qonunlar qabul qiladi, muhim qarorlar chiqaradi va Yevropa Ittifoqi siyosatini shakllantirishda qatnashadi.
Ozarbayjon bu parlament bilan aloqani shunchaki muloqot va hamkorlik uchun olib borgan. Masalan, siyosiy muloqotlar qilish, iqtisodiy masalalarni muhokama qilish, savdo va energetika bo‘yicha kelishuvlar tuzish uchun.
Shuningdek, bu aloqalar orqali ikki tomon bir-birining tajribasini o‘rganishi va munosabatlarni yaxshilashi ko‘zlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Ozarbayjon bilan Yevropa Ittifoqi (shu jumladan Yevropa Parlamenti) o‘rtasidagi rasmiy aloqalar 1996 yilda hamkorlikning asosiy hujjati – Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Bu bitim 1999 yilda kuchga kirgan va aynan shundan keyin parlamentlararo aloqalar ham rasmiy tarzda yo‘lga qo‘yilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHdagi Respublikachi qonunchilar Yevropa Komissiyasini so‘z erkinligini cheklash, konservativ qarashlarni nishonga olish va Yevropa davlatlaridagi saylovlarga aralashishda ayblagandi.
Live
Barchasi