Olimpiya chempioni Lazizbek Mullojonovda doping aniqlandi
Sport
−
30 iyul 10689 2 daqiqa
Jahon boks federatsiyasi (World Boxing) uchun mustaqil antidoping dasturini yuritayotgan Xalqaro Dopingga qarshi agentlik (ITA) o‘zbek bokschisi Lazizbek Mullojonovda metasteron moddasining metabolitlari aniqlanganini ma’lum qildi.
ITA xabariga ko‘ra, joriy yilning 11 iyun kuni musobaqadan tashqari o‘tkazilgan doping nazorati davomida olingan namuna tahlili Mullojonov organizmida metasteron metabolitlarini aniqlagan.
Metasteron Butunjahon Antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S1.1 bo‘limi (anabolik androgenik steroidlar) ostida turadi. U doimiy taqiqlangan modda hisoblanadi (musobaqa vaqtida ham, tashqarisida ham) va maxsus belgilangan modda emas. Metasteron – sun’iy yo‘l bilan olingan anabolik-androgenik steroid bo‘lib, tez mushak o‘sishini, kuch va quvvatning oshishini rag‘batlantiradi.
Sportchiga bu holat haqida xabar berilgan va u B-namunani tahlil qilishni so‘rash huquqiga ega.
Agar sportchi B-namunani tahlil qilishni so‘rasa va u A-namunaning natijasini tasdiqlasa, holat antidoping qoidasining tasdiqlangan buzilishi sifatida qaraladi. Agar B-namuna tahlili so‘ralmasa, ish yana tasdiqlangan antidoping qoidabuzarligi sifatida davom ettiriladi. Sportchiga natija yuzasidan o‘z izohlarini taqdim etish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, Butunjahon Antidoping kodeksi va World Boxing'ning 7.4.1-moddasiga muvofiq, sportchiga vaqtinchalik majburiy chetlatish chorasini qo‘llash belgilangan. Sportchi bu vaqtinchalik chetlatish qaroriga e’tiroz bildirishi va uni bekor qilishni so‘rashi mumkin.
World Boxing antidoping dasturini ITA'ga topshirgani sababli ushbu ish bo‘yicha barcha jarayonlar ITA tomonidan olib boriladi. Ish davom etayotgani sababli boshqa izohlar berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Lazizbek Mullojonov 2024 yilda Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgandi. Final jangida 92 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Osiyo chempioni, harbiylar o‘rtasida jahon chempioni, 2022 yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori o‘zbekistonlik Lazizbek Mullojonov asli kubalik bo‘lgan Ozarbayjon vakili Alfredo Domingezga qarshi ringga ko‘tarilib, uni mag‘lub etgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr