Ochiqlikni ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri – Sherzod Asadov (video)

Jamiyat

image

Bugungi kunda axborot makonida ochiqlikni ta’minlash, mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash, raqamli media imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu haqda bugun, 26 iyun kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan Media forumda so‘z ochdi.

Uning bildirishicha, joriy yilda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari soni 2700 tani tashkil etib, 2025 yilga nisbatan 15 foizga o‘sgan. Nashriyot sub’ektlari soni 659 taga yetib, 11 foizga, matbaa korxonalari soni esa 1826 taga yetib, 29 foizga oshgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qariyb 67 foizi, nashriyot sub’ektlarining 90 foizdan ortig‘i, matbaa korxonalarining esa 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

“Albatta, soha rivojini faqat raqamlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Bugun biz uchun eng muhim vazifa axborot maydonida sifat, xolislik, ishonch va professional mas’uliyat mezonlarini yanada mustahkamlashdir. Chunki kuchli media bu avvalo jamiyat ishonadigan, faktlarga tayanadigan va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan media demakdir. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi kunda matbuot ishi axborot sohasi mudofaa va xavfsizlik kabi hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deydi Asadov.

Uning aytishicha, O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratilmasa, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlar nuqtai nazaridan baho berilmasa, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratilgan bo‘ladi.

“Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumotlar, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz to‘ldirmas ekanmiz, buni boshqa qiladi. Axborot makonida ochiqlikni ta’minlash, mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash, raqamli media imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda”, deydi Prezident matbuot kotibi.

Sherzod Asadovga ko‘ra, bugun davlat milliy media maydonida faqat tartibga soluvchi emas, balki rag‘batlantiruvchi va hamkor sifatida ham faol ishtirok etmoqda. Shu ma’noda davlat jamiyat uchun muhim masalalarni dadil ko‘tarayotgan, kuchli fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotgan yosh ijodkorlar, jurnalistlar va blogerlarni doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyor. 

“Aziz hamkasblar, bugungi ochiqlik siyosati media sohasi oldiga ham yangi talablarni qo‘ymoqda. Endi jurnalistika nafaqat tezkor axborot yetkazish, balki jamiyatda sog‘lom fikr, xolis tahlil va mas’uliyatli muloqot madaniyatini shakllantirishda ham muhim kuchga aylanmoqda”, deydi Sherzod Asadov.

Shuningdek, u jamiyatda qonuniylik, ochiqlik, inson qadri va adolat tamoyillarini mustahkamlashda jurnalistlarning fidokorona mehnati beqiyos ahamiyatga ega ekanini qayd etgan. Asadovning aytishicha, bugun media davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ko‘prikka aylangan. 

“Islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga tushunarli tilda yetkazish, odamlarning fikri va muammolarini mas’ul idoralarga olib chiqish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kuchaytirishda biz sizlarga tayanamiz. Ayniqsa, yoshlar ongi va dunyoqarashini shakllantirish, milliy  asrab-avaylash, axborot hujumlariga qarshi immunitetni kuchaytirishda media vakillarining o‘rni beqiyos”, deydi u.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing