Och g‘azoliklar ozuqa ilinjida BMT omboriga bostirib kirdi

Olam

image

Kecha, 28 may kuni G‘azo sektorida och qolgan odamlar to‘dasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) omboriga bostirib kirdi. Bu haqda BMTning WFP tashkiloti ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ma’lum qildi.  

Hodisa oqibatidagi tiqilinchda ikki kishi halok bo‘lgan, bir nechta odam jarohat olgan.

“G‘azo 80 kunlik to‘liq blokadada qoldi. Oziq-ovqat va boshqa yordam yetkazib berish to‘xtatilgan. Oqibatda insonparvarlik inqirozi nazoratdan chiqib ketdi”, deyiladi xabarda.

Tashkilot G‘azo sektorida oziq-ovqat tarqatishni tartibli amalga oshirish uchun insonparvarlik tashkilotlariga xavfsiz va erkin kirish imkonini zudlik bilan ta’minlashga chaqirgan.

Isroil 27 may kuni e’lon qilgan bayonotida G‘azoda 400 ta gumanitar yordam yuk mashinasi kutayotganini ma’lum qilgan. Ularning aytishicha, bu yuklarni BMT tarqatishi kerak, biroq BMT hozircha bu vazifani bajarmayapti.

“Dezinformatsiyaga ishonmang. Isroil xavfsizlik va logistika tartib-qoidalarini moslashtirgan. BMT esa hali ham o‘z ishini bajarayotgani yo‘q”, deyiladi yahudiy davlati bayonotida.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 20 may kuni 11 haftalik to‘liq blokadadan so‘ng ochlik iskanjasida qolgan G‘azo bolalari va aholisi uchun birinchi yordam yuklari yetib borgan. Ushbu yordamlar orasida un, dori-darmon, bolalar ovqati va boshqa zarur mahsulotlar bor. Bu jarayon Isroil hukumatining BMTga yordam yetkazishni cheklangan hajmda tiklash iltimosi bilan murojaat qilganidan so‘ng boshlangan. BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) vakillari yordam yuklarini Karem-Shalom nazorat punktidan G‘azoga jo‘natgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 7 oktyabr kunidan buyon Isroil tomonidan G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujumlar oqibatida 54 ming 056 nafar falastinlik halok bo‘lgani va 123 ming 129 kishi jarohat olgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Birlashgan Millatlar Tashkiloti G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing