Nvidia Markaziy Osiyoda $10 milliardlik “vodiy” quradi

Olam

image

Joriy yilning 15 iyun kuni Qozog‘iston AQSHning Firebird startapi va Nvidia korporatsiyasi ishtirokida yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazi qurish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi. Bu haqda “Bloomberg” agentligi mamlakat Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Loyiha mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Ekibastuz shahrida “Data-markazlar vodiysi”ni barpo etishni nazarda tutadi. Birinchi bosqich qiymati 5 milliard dollarga baholangan bo‘lib, uning 1 milliard dollari davlatga qarashli “Qozog‘istontelekom” tomonidan moliyalashtiriladi. Quvvati 125 megavatt bo‘lgan ob’ektni tijoriy ishga tushirish 2027 yilga rejalashtirilgan.

15 iyun kuni Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov Nvidia vitse-prezidenti Rev Lebaredyan hamda Firebird hammuassislari – bosh direktor Razmik Ovakimyan va Aleksandr Yesayan bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda, shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari va sun’iy intellekt hamda raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev, “Qozog‘telekom” boshqaruvi raisi Bag‘dod Musin hamda AQSHning Qozog‘istondagi elchisi Juli Stafft ishtirok etgan.

Tomonlar milliy sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, yuqori unumli hisoblash quvvatlarini yaratish, zamonaviy data-markazlarni joylashtirish va xalqaro texnologik hamkorlarni jalb qilish masalalarini muhokama qilgan.

Oljas Bektenov sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmani rivojlantirish Qozog‘istonning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlagan.

“Hozirda amalga oshirilayotgan muhim raqamli loyihalardan biri – Ekibastuz shahridagi “Data-markazlar vodiysi”dir. Bizning maqsadimiz global raqamli infratuzilmani joylashtirish uchun maydon yaratishdan iborat. Firebird va Nvidia bilan erishilgan kelishuvlarni yuqori baholaymiz”, degan u.

Uchrashuvda loyihaning asosiy afzalliklari sifatida katta yer maydoni zaxirasi, investorlar uchun imtiyozlar va elektr energiyasining raqobatbardosh narxlari qayd etilgan. Shuningdek, loyihaning kengaytirish imkoniyati yuqori ekani ta’kidlangan. Ayni paytda mavjud 300 megavatt quvvatni bosqichma-bosqich 1 gigavattgacha oshirish rejalashtirilgan.

Firebird bosh direktori Razmik Ovakimyan Qozog‘iston raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

“Loyihaning 2027 yilda ishga tushirilishi Qozog‘istonni dunyodagi yetakchi o‘n davlat qatoriga olib chiqadi. Bizda kuchli jamoa va ulkan imkoniyatlar bor. Qozog‘iston hukumati, Nvidia va AQSHdagi hamkorlarimiz bilan mamlakatning maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz” degan Ovakimyan.

Qozog‘istonning sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyevning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida mamlakatda 100 mingta zamonaviy GPU chiplari asosida yirik hisoblash klasteri tashkil etiladi. Ular orasida NVIDIA GB300 va Vera Rubin avlodidagi chiplar ham bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 milliard dollarlik investitsiya har yili kamida 3 milliard dollar eksport tushumini ta’minlaydi, yangi ish o‘rinlari yaratadi, yirik texnologik kompaniyalarni jalb qiladi hamda Qozog‘istonning Yevroosiyodagi muhim raqamli xab sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Uchrashuv yakunida sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohasida umumiy qiymati 10 milliard dollarlik hamkorlik kelishuvlari imzolangan. Jumladan, Qozog‘istonning Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi hamda Firebird o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv, shuningdek, “KT-Telekom” va Firebird o‘rtasida “Data-markazlar vodiysi”ni rivojlantirish bo‘yicha asosiy shartlarni belgilaydigan bitim tuzilgan.

Ma’lumot uchun, Firebird sun’iy intellekt infratuzilmasi, data-markazlar va yuqori unumli hisoblash tizimlarini yaratishga ixtisoslashgan AQSH kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya dunyoning turli mintaqalarida loyihalarni amalga oshirib, Nvidia kabi yetakchi texnologik hamkorlar bilan ishlaydi.

“Qozog‘telekom” rahbari Bag‘dod Musinning ma’lum qilishicha, “Data-markazlar vodiysi”ning qurilishi to‘liq Qozog‘iston tomonidan ta’minlanadi. Firebird esa qimmat server uskunalarini yetkazib berish va yirik xalqaro IT-kompaniyalarni jalb qilish majburiyatini oladi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 109 megavatt, ikkinchi bosqichda esa 136 megavatt energiyadan foydalanish rejalashtirilgan. Yaratiladigan IT-infratuzilma maydoni bir nechta yirik stadionlar hajmiga teng bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ilk bor uchar taksini sinovdan o‘tkazgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Markaziy Osiyo Nvidia Data-markazlar vodiysi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing