Novosibirskda bir o‘zbekistonlik YTH oqibatida halok bo‘ldi
Olam
−
18 Oktabr 2695 2 daqiqa
Rossiyaning Novosibirsk viloyatida o‘zbekistonlik haydovchilar boshqaruvidagi yuk mashinalari ishtirokida dahshatli yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, hodisa 16 oktyabrga o‘tar kechasi soat 1:20 da Orda tumanida sodir bo‘lgan. 39 yoshli ayol boshqargan Renault Sandero avtomashinasi “Novosibirsk – Kochki – Pavlodar” yo‘lida harakatlanayotganida qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va DAF yuk mashinasiga urilgan. Zarba oqibatida DAF haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarshi tomondan kelayotgan Volvo yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.
Olingan jarohatlar oqibatida 42 yoshli o‘zbekistonlik DAF haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Volvo haydovchisi – 55 yoshli o‘zbekistonlik esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda YTH oqibatlari aks etgan video tarqalgan. Videoda o‘zbek tilida so‘zlayotgan guvoh yuk mashinalarining to‘qnashuviga guvoh bo‘lganini aytadi. Kadrda DAF yuk mashinasi 85 (Navoiy viloyati), Volvo esa 40 (Farg‘ona viloyati) raqamlariga ega ekani ko‘rinib turibdi.
Halok bo‘lgan haydovchi Novosibirsk viloyati Orda tumani markaziy tuman shifoxonasi morgida saqlanmoqda. Shu shifoxonada ikkinchi jarohat olgan yuk mashinasi haydovchisi ham davolanmoqda.
Hozirda hodisa joyida tergov-tezkor guruhi va yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari ishlamoqda, ular voqea tafsilotlarini aniqlamoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni alohida nazoratga olgan va Novosibirsk viloyati Davlat avtoinspeksiyasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi xabarda.