Norin daryosida birinchi “milliy” GES ishga tushirildi
Jamiyat
−
16 Sentabr 7227 2 daqiqa
Bugun, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Norin daryosida GESlar kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yilning 25 mart kuni davlat rahbari Namangan viloyatida yangi GES qurilishini boshlab bergan edi. Prezident bu galgi tashrifida ushbu energetika inshootini borib ko‘rdi.
Prezident matbuot xizmatining yozishicha, hozirda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.
Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu ma’noda, uni mamlakatdagi birinchi “milliy GES” deyish mumkin.
GES-1 yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ta’kidlanishicha, loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir.
O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.
GESda suv to‘sish inshooti ham qurildi. Shuningdek, hududda ma’muriy va xizmat binolari, dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof muhitni muhofaza qilish va hududni obod qilish maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
“Shu jihatlari bilan bu yer nafaqat energetika, balki ekoturizm va rekreatsiya maskaniga ham aylanadi”, deyiladi xabarda.
Norin GESlar kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026 yilda ikkinchi va uchinchi, 2027 yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Qayd etilishicha, har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘lib, ularning faoliyatida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi “Chortoq” suvombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi