Netanyaxu Eronga qarshi operatsiya vaqtida yashirincha BAAga borgan
Olam
−
14 may 1433 1 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronga qarshi operatsiya vaqtida Birlashgan Arab Amirliklariga maxfiy tashrif buyurgan. Bu haqda vazirning X sahifasida xabar berildi.
Bosh vazir devoni ma’lumotiga ko‘ra, Netanyaxu BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashgan. Isroil tomoni bu tashrifni “Isroil va BAA munosabatlaridagi tarixiy burilish” deb atagan.
Tashrif tafsilotlari ochiqlanmagan.
“The Times of Israel” manbasiga ko‘ra, Netanyaxu va Muhammad bin Zoid 26 mart kuni Al-Ayn shahrida, Ummon chegarasi yaqinida uchrashgan. Muzokaralar bir necha soat davom etgan.
Bu 2020 yildagi “Ibrohim kelishuvlari”dan keyin Isroil Bosh vazirining BAAga amalga oshirgan birinchi tasdiqlangan tashrifi sifatida baholanmoqda.
Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi Netanyaxuning tashrifi haqidagi ma’lumotlarni rad etgan.
Vazirlik bayonotida BAAning Isroil bilan munosabatlari ochiq va rasman e’lon qilingan “Ibrohim kelishuvlari” doirasida amalga oshirilayotgani, “maxfiy yoki norasmiy kelishuvlar”ga asoslanmagani ta’kidlangan.
Shuningdek, bayonotda e’lon qilinmagan tashriflar yoki yashirin kelishuvlar haqidagi iddaolar “asossiz” ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroil tomonidan boshlangan urushda Eron zarbalaridan eng ko‘p jabr ko‘rgan Birlashgan Arab Amirliklari endilikda Eronni o‘zi bombardimon qila boshlagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi