Namanganda do‘lga qarshi snaryad uchirildi 

Jamiyat

image

Joriy yil may oyining o‘tgan bir necha kunida Namangan viloyatida kuchli yog‘ingarchilik va do‘l yog‘ishiga qarshi snaryad-raketalar qo‘llanilgan. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi. 

Axborotda bildirilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bahorgi qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchilik (yomg‘ir, jala, do‘l) holatlarini ko‘paygan. Ayniqsa, qisqa vaqt ichida juda ko‘p miqdorda yog‘inlar yog‘ib, sel va suv toshqinlarini keltirib chiqargan. 

Shu munosabat bilan joriy yilda Namangan viloyatining Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 1, 11 va 12 may kunlari do‘l yog‘ishining oldi olinishi uchun bulutlarga jami 57 dona “Alazan-6” do‘lga qarshi raketalari uchirilgan hamda do‘l jarayoni zaiflashtirilgan. Shu bilan birga, konvektiv bulutlarga ta’sir ko‘rsatish ishlari olib borilgandan so‘ng ham qisqa muddatli do‘l hodisalari kuzatilib turishi ta’kidlangan. 

Ma’lumot uchun, “Alazan-6” – qishloq xo‘jaligi ekinlarini do‘l xavfidan himoya qilishga mo‘ljallangan do‘lga qarshi maxsus raketa. U bulutlarga reaktiv usulda maxsus reagentlar (masalan, kumush yodid) sepib, ularning tarkibini o‘zgartiradi va vayronkor do‘l o‘rniga zararsiz yomg‘ir yog‘ishini ta’minlaydi. Uning kalibri 82 mm bo‘lib, 10 kilometrgacha bo‘lgan masofada va 8 kilometrdan baland bo‘lgan qatlamlarda harakat qila oladi. “Alazan-6” ekologik toza komponentlardan tayyorlanadi va ziyon yetkazmaslik uchun havodagi portlashdan so‘ng yerga mutlaqo xavfsiz bo‘lgan mayda zarrachalarga bo‘linib ketadi. Snaryad Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqariladi. 

Gidrometeorologiya xizmati agentligi so‘nggi yillardagi tahliliga ko‘ra, bahor va yoz fasllarida do‘lli jarayonlar kuzatilgan kunlar soni 2020 yilda 33 kun, 2021 yilda 34 kun, 2022 yilda 29 kun, 2023 yilda 24 kun, 2024 yilda 40 kunni tashkil etgan. 2025 yildan hozirgacha esa 13 kun qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyoda ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirilishi va Qozog‘iston bu borada sun’iy yomg‘ir texnologiyalarini amaliyotda qo‘llashga o‘tgan birinchi davlat bo‘lishi haqida ma’lumot berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Namangan O'zgidromet do'l snaryad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing