Nyu-Orleanning birinchi ayol meri 100 yildan ortiq muddatga qamalishi mumkin

Olam

image
Bayroq ortidagi bitim: Nyu-York meri bilan “otamlashgan” o‘zbekistonlik kim? north_east

Bayroq ortidagi bitim: Nyu-York meri bilan “otamlashgan” o‘zbekistonlik kim?

AQSH federal prokurorlari Nyu-Orlean (Luiziana shtati) shahrining birinchi ayol meri Latoye Kantrellga 11 ta modda, jumladan, firibgarlik va adolatga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Bu haqda joriy yilning 15 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Siyosatchi bilan sudda uning qo‘riqchisi ham ishtirok etadi, sababi u bilan yashirin aloqasi borligi ishning asosini tashkil qiladi.

AQSHning Luiziana sharqiy okrugi prokuraturasiga ko‘ra, Kantrell o‘ziga tayinlangan politsiya xodimi Jeffri Veppi bilan “shaxsiy va yaqin” munosabatda bo‘lib, 2021 yildan boshlab u bilan birga vaqt o‘tkazish uchun Qo‘shma Shtatlar va xorijga 14 marta sayohat qilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u va Veppining parvozlari soliq to‘lovchining puliga kamida 70 ming dollarga tushadi.

2022 yilda shunday sayohatlardan birida ularning ikkalasi ish vaqtida davlat puliga vino sotib olib, uni ichayotgan paytda ushlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya boshlig‘i qo‘riqchini Kantrell bilan ishlashdan chetlatishga uringan, biroq mer uni qayta tiklashni talab qilgan. U, shuningdek, ushbu maxfiy uchrashuvlardan birining fotosuratlarini joylashtirgan shaxs ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat qilgan.

Prokuraturaga ko‘ra, firibgarlik sxemasini yashirish uchun Kantrell va Veppi WhatsApp’da 15 mingdan ortiq shifrlangan xabarlar almashgan, dalillarni yashirishga uringan, FQBga yolg‘on bayonotlar bergan va bir qator yolg‘on bayonotlarni o‘z ichiga olgan hujjatni katta hakamlar hay’atiga taqdim etgan.

53 yoshli siyosatchi oltita firibgarlikning har biri uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Kantrelldan bir yosh kichik Veppi esa shunday jinoiy ishlar bo‘yicha 12 ta holatda ayblanmoqda. Shuningdek, u adolatga to‘sqinlik qilgani va buning uchun fitna uyushtirgani uchun eng yuqori jazoga duch kelishi mumkin. Hibsga olinganlar haqida xabar berilmagan.

Ma’lumot uchun, Kantrell, demokrat, 2018 yilda merlik lavozimida g‘olib chiqqan va 2021 yilda qayta saylangan. Muddati cheklangani sababli u yana nomzodini qo‘yishi taqiqlangan va 2025 yil kuzda bo‘lib o‘tadigan saylovdan keyin o‘z lavozimini tark etadi. U hali muddatidan oldin iste’foga chiqish rejasini e’lon qilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahri meri Erik Adams 2024 yilning sentyabr oyi oxirlarida pora olish va o‘z saylovoldi kampaniyasiga chet eldan noqonuniy xayriya so‘rashda ayblangandi. U zamonaviy tarixda jinoiy ishda ayblangan birinchi Nyu-York meridir. QALAMPIR.UZ uning jinoyat ishi bo‘yicha shakllantirilgan 57 sahifadan iborat ayblov xulosasi bilan tanishib chiqqan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing