Muzokaralar cho‘zilib ketdi. Rahmon va Japarovning maxfiy suhbati 5 soatdan beri tugamayapti
Olam
−
29 iyun 2021 8456 2 daqiqa
Avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasida Dushanbedagi “Millat saroyi”da muzokaralar bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergandik.
Qayd etish kerakki, mezbon Tojikiston va mehmon Qirg‘iziston rahbarlari o‘rtasidagi ikki tomonlama shakldagi muzokaralar boshlanganiga besh soatdan oshdi.
Davlat rahbarlari “tet-a-tet” formatidagi uchrashuvni mahalliy vaqt bilan soat 9:20 da boshlagan va 11:00 gacha davom etishi kutilgandi. Uchrashuv oldidan Imomali Rahmon “biz ikki tomonlama hamkorlikning barcha tomonlarini muhokama qilishimiz kerak va o‘zaro aloqalarimizning samarali rivojlanishidan manfaatdormiz”, degandi.
Sadir Japarov esa bunga javoban shunday dedi: “Bizning o‘zaro aloqalarimiz 28 aprel voqealaridan keyin qiyin davrni boshdan kechirdi. Bunday holat takrorlanmasligi uchun biz muammoni hal qilishimiz kerak ... Qirg‘izlar va tojiklar birodar xalqdir”.
Mahalliy OAVga ko‘ra, keyin Prezidentlar yopiq eshiklar ortidagi yig‘ilish xonasiga kirib ketgan. Ularning qo‘lida odatda rassom, dizayner va arxitektorlar foydalanadigan, chizmalarning buklanmasligini ta’minlovchi maxsus idish — tubuslar bo‘lgan.
Foto: Tubus
Ma’lumot o‘rnida, “tet-a-tet” formatidagi uchrashuvda odatda faqat tomonlar yolg‘iz holda yuzma-yuz muzokara olib boradi. Bunday suhbatlarda o‘ta maxfiy mavzular muhokama qilinadi. Rejaga ko‘ra, soat 11:00 da kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilish boshlanishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Prezidenti bilan birgalikda Tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri, Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i, Transport va kommunikatsiyalar vaziri, Favqulodda vaziyatlar vazir, Madaniyat vaziri, Vazirlar Mahkamasining Botken viloyatidagi vakolatli vakili, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati direktori kelgan.
Protokolga ko‘ra Qirg‘izistonning rasmiy delegatsiyasi mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da Bishkekka qaytib ketishi kerak edi.
Tojik-qirg‘iz mojarosi
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi.
1 may kuni tomonlar otishmani to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.
Live
Barchasi