Mo‘jiza yuz bermadi: Putinning partiyasi rasman g‘alaba qozondi
Tahlil
−
20:35 1043 8 daqiqa
Urush qilayotgan davlatlarda saylovlar bo‘lmaydi deb kim aytdi? Mana Rossiyaga boqing, nomiga – muxolifatlarsiz va intrigalarsiz bo‘lsa-da davlat Dumasi uchun saylovlar bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning 18-20 sentyabr kunlari Rossiyada Davlat dumasi deputatlarining 3 kunlik saylovi o‘tkazildi. Garchi natijalar urushga qarshi “Yabloko” partiyasi o‘yindan chiqarilgach aniq bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, saylovlar atrofida yuz bergan voqealar alohida e’tiborga loyiq. Putin partiyasining so‘zsiz g‘alabasi va ovoz berish jarayonlarida olib borilgan “Yedinaya Rossiya” partiyasining o‘ziga xos “tashviqot ishlari” tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu maqolada Putin partiyasining navbatdagi g‘alabasi ortidan urilgan rekordlar va saylovning “kutilmagan” natijalariga G‘arbning munosabati haqida gaplashamiz.
Duma qanday shakllandi?
Saylovlar yakunlandi. Kim ham o‘ylabdi deysiz, bu gal ham Putin partiyasi g‘alaba qozondi, qozonganda ham o‘z tarixidagi eng katta ko‘rsatkichlar bilan boshqa raqiblarini butkul mag‘lub etdi. Umumiy ovozlarning 95,18 foizi sanab chiqilgandan so‘ng partiya 57,83 foiz ovoz bilan yetakchilik qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda Kommunistik partiya 13,6 foiz, Rossiya Liberal-demokratik partiyasi 8,97 foiz, “Noviye lyudi” 7,91 foiz, “Spravedlivaya Rossiya” esa 5,22 foiz bilan kuchli beshlikni band qilib turibdi. Rossiya Dumasi 450 deputatdan iborat bo‘lib, uning 225 o‘rni proporsional tizim asosida, yana 225 tasi bir mandatli okruglar orqali ya’ni majoritar tizim asosida taqsimlanadi. Sodda qilib aytganda, saylovchilarga O‘zbekistonda bo‘lgani kabi 2 ta byulleten beriladi. Har bir shaxs ularning birida siyosiy partiyaga, ikkinchisida o‘z hududidan nomzodi qo‘yilgan aniq bir shaxsga ovoz berishi lozim. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda 25 yildan beri Rossiya siyosatida hukmronlik qilib kelayotgan “Yedinaya Rossiya” partiyasi umumiy o‘rinlarning 355 tasini egallamoqda. Bu partiya tarixidagi mutlaq rekord sifatida qayd etildi. Qolgan partiyalar, jumladan, Kommunistlar 40 ta, Jirinovskiyning Liberal demokratlar partiyasi 25 ta va “Yangi odamlar” 20 ta o‘ringa ega bo‘ladi. Ushbu saylovlar 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri o‘tkazilgan birinchi parlament saylovi bo‘ldi. Yana bir muhim jihati shundaki, ovoz berish jarayoni ilk bor Moskva tomonidan egallab olingan Ukrainaning 4 ta viloyati: Qrim, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporijjya viloyatlari aholisini ham qamrab oldi.
Esingizda bo‘lsa, 2026 yilning 10 avgust kuni Rossiya Oliy sudi “Rodina” partiyasining da’vosiga ko‘ra, “Yabloko” partiyasining federal ro‘yxatdagi registratsiyasini bekor qilib, uni butun mamlakat bo‘ylab partiyalar ro‘yxati bo‘yicha saylovda qatnashish huquqidan mahrum etgandi. Ammo partiya nomzodlarida bir mandatli okruglar bo‘yicha saylovda qatnashish huquqi saqlanib qolindi. Shunga qaramay, Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilovaning aytishicha, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan yagona urushga qarshi partiya milliy miqyosda birorta ham o‘ringa ega bo‘lmagan. “Yabloko” partiyasining rahbari Nikolay Rybakov natijalar haqida fikr bildirar ekan, hammasi kutilganidek bo‘lganini aytdi.
“Agar saylov byulletenida o‘nta partiya bo‘lsa va ularning barchasi Putin siyosatini qo‘llab-quvvatlasa, boshqa qanday natija bo‘lishi mumkin?”, dedi partiyasi raisi.
Shuningdek, “Yabloko” va hukumat siyosatining ayrim jihatlarini tanqid qilgan, biroq Putingga nisbatan har qanday tanqiddan qochgan Kommunistik partiyaning ko‘plab kuzatuvchilari saylov uchastkalaridan qaytarib yuborilganini bildirdi. Kutilganidek, Rossiya shaffoflik yuzasidan Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) kuzatuvchilarini ham taklif qilmadi. TIV ilgari ushbu tashkilotni mamlakatni tanqid qilgani uchun “ikki yoqlama standartlar”da ayblagandi. YeXHT Parlament Assambleyasi prezidenti Pere Jon Pons esa kuzatuvchilarni jarayondan chetlashtirish to‘g‘risidagi qaror Rossiyaning tashkilot a’zosi sifatidagi majburiyatlariga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Rossiyaliklarning o‘zi ham natijalardan ajablanmaganini, barchasi odatdagidek bo‘lganini bildirgan.
“Ertalab men “Yagona Rossiya” g‘alaba qozonayotganini ko‘rdim. Bu hech kimni ajablantirmasa kerak. Men Ukrainadagi mojaroning tezroq, iloji bo‘lsa, tinch yo‘llar bilan tugashini ko‘rishni istardim”, dedi Moskvada yashovchi Tatyana.
Shuningdek, tahlilchilar ham, fuqarolar ham saylov natijalari nimani anglatishini biladi. Endi hukumat vaziyatni “olib borilayotgan siyosat xalqqa ma’qul ekan, mana o‘zlari aytishdi” deb talqin eta oladi. Rus xalqi urushni yakun topishini qanchalik istamasin, ovozlar “Yagona Rossiya”ga harbiy harakatlarni davom ettirishga huquq beradi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham natijalar xalqning umumiy qarashlarga ega ekanligini, bir butunligini belgisi sifatida talqin etmoqda.
“Bu ko‘rsatkichlar, albatta, Rossiya jamiyatida davlat rahbari atrofida eng yuqori darajadagi konsolidatsiyadan dalolat beradi” dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ammo bu ko‘zbo‘yamachilik ekanligini, saylovchilar ham, saylanganlar ham va xalqaro kuzatuvchilar ham sezib turibdi.
Qodirovning rekordi
Putin partiyasining g‘alabasi ortidan Checheniston prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovda ham anomal ko‘rsatkichlar qayd etilib “rekordli trend” davom ettirildi. Federatsiya tarkibidagi Chechenistonning 2007 yildan beri rahbari bo‘lib kelayotgan Ramzan Qodirov yana hokimiyatni o‘zida saqlab qoldi, naqd 99,85 foizlik ovoz bilan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yildagi saylovlarda u 94,8 foiz, 2021 yilda esa 99,7 foiz ovoz to‘plagan. Bu gal Qodirov o‘z rekordini yana o‘zi yangiladi. Rossiya Markaziy saylov komissiyasi ta’kidlashicha, Qodirov 99,85 foiz ovoz to‘plab raqiblariga hech qanday imkon qoldirmagan. Xabarlarga ko‘ra, ovoz berishda 831 946 kishi ishtirok etgan. Kuzatuvchilar va mahalliy aholi tomonidan “texnik” ya’ni faqat protsedura talablarini bajarish uchun nomzod bo‘lgan Qodirov raqiblari – “Adolatli Rossiya” partiyasidan Ismoil Denilxanov va Kommunistik partiyadan Xolid Nakaev har biri 0,05 foiz ovoz olgan. 2025 yilning may oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv oldidan u o‘z iste’fosi masalasini muhokama qilmoqchi ekanini ma’lum qilgan edi. Buni qarangki, fikrlar o‘zgargan ko‘rinadi navbatdagi rekordli g‘alaba qayd etildi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Putin unga:
“Biz hali ishlashimiz va yana ishlashimiz kerak. Oliy Bosh qo‘mondonning buyrug‘ini bajaryapman!”, degan Checheniston rahbari.
Ramzan Qodirov ilgari ham bir necha bor iste’foga chiqish istagini bildirgan bo‘lsa-da, u o‘z lavozimida qoladi va har safar yangi muddatga nomzodini qo‘yib keladi. 2025 yil dekabrda bergan intervyularining birida, u bu vazifani bajarishdan charchaganini aytgan edi.
“Ammo mendan so‘rasangiz, men bu hokimiyatdan va xalqqa xizmat qilishdan charchadim. Menimcha, yangi kuchlar, yangi odamlar qiziqarliroq bo‘lar edi. Agar boshqalar bo‘lganida vaziyat yaxshiroq bo‘lar edi”, degan edi u.
Biroq uning iste’fosini yoki Putin, yoki chechen xalqi istamayapti.
G‘arb tanqidi
Yevropa doimo boshqalarning harakatlarini ham o‘z o‘lchovlari bilan o‘lchashga odatlangan. G‘arb mamlakatlari uchun Rossiyadagi “rekordli g‘alabalar” ishonib bo‘lmas natijadir. Bunda Germaniya kansler Fridrix Mersning “Xristian-demokratlar ittifoq” partiyasi yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda mag‘lub bo‘lganini misol qilib keltirish mumkin. Ya’ni Germaniyada doim ham hokimiyat tepasida turgan shaxs qo‘llovchi siyosiy partiyaning g‘alabasi kafolatlanmagan. Shu jihatdan Yevropaning Rossiyada bo‘lib o‘tgan saylovlariga munosabati ham o‘zgacha bo‘ldi. Yevroittifoqning bosh diplomati Kaya Kallas Kreml o‘zgacha fikrlovchilarni bo‘qqanini va xalqaro saylov kuzatuvchilarini chetlashtirganini aytdi.
“Rossiyada demokratiyaning faqat parda ortidagi soxta ko‘rinishigina qoldi, xolos. 18–20 sentyabr kunlari o‘tkazilgan davlat Dumasi saylovlari mamlakatda tobora kuchayib borayotgan avtoritar siyosiy muhit fonida demokratiya izchil va yanada chuqurroq yemirilayotganini ko‘rsatib berdi”, dedi u.
Ittifoq nomidan berilgan bayonotda Kallas Yevroittifoq Ukrainaning bosib olingan hududlarida ovoz berish jarayonini tashkillashtirgan yoki nomzod sifatida qatnashgan shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy etishini bildirdi. Shuningdek u ushbu natijalar tan olinmasligini eslatib o‘tdi. Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya qo‘shma bayonotida saylovlarni bosib olingan hududlarda o‘tkazish Ukraina suvereniteti va BMT Nizomining “qo‘pol buzilishi” ekanini bildirdi. Ular ovoz berish xalqaro huquqqa ko‘ra ushbu hududlarning maqomini o‘zgartira olmasligini ta’kidladilar.
“Ushbu soxta saylovlar kengroq istilo tizimining bir qismidir: majburlov va repressiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanuvchi Rossiya ma’muriyati, qonunchiligi, ommaviy axborot vositalari, ta’limi, tili va fuqaroligini majburan joriy etishdir”, deyiladi bayonotda.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi avvalroq bosib olingan hududlardagi ovoz berish jarayonini nodemokratik saylov deb atagan va uning natijalarini tan olmasligini bildirgan edi. Xulosa qilib aytganda, bo‘lib o‘tgan saylovlarda natijalar o‘zgarmadi, hokimiyat eski egalarida qolaverdi.
“Spektakl” esa rus xalqiga ham, xalqaro hamjamiyatga ham manzur kelmadi. Faqatgina Putin va uning sheriklari uchun urushni davom ettirishga yangi bahona topildi xolos.
Live
Barchasi