Mourinyu bilan YeCHLni yutgan “Portu” sardori vafot etdi
Sport
−
05 avgust 9472 1 daqiqa
Portugaliyaning “Portu” klubi afsonaviy sardori Jorje Koshta bugun, 5 avgust kuni 53 yoshida yurak xuruji sababli hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Koshta bugun kunduzi vafot etgan. U 2024 yilning yozidan beri “Portu” klubida sport direktori lavozimida ishlayotgan edi. “Portu” jamoasi ham ushbu xabarni Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali tasdiqladi.
“Jorje Koshta bizni tark etdi. U bizning yetakchimiz, sardorimiz va ibrat namunamiz edi. Bir so‘z bilan aytganda, “Portu”ning ramzi edi. Oxirigacha jamoangga sodiq qolganing uchun rahmat. Xayr, Jorje Koshta!” deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, Koshta “Portu” yoshlar akademiyasidan asosiy jamoaga ko‘tarilgan. 15 yil davomida klubda to‘p surgan va barcha musobaqalar doirasida 383 ta o‘yinda maydonga tushgan. Koshta 2003-2004 yilgi mavsumda Joze Mourinyuning qo‘l ostida “Portu”ning ikkinchi Chempionlar Ligasini yutgan jamoasida asosiy yetakchi bo‘lgan. U 2005 yilda “Portu”dan ketib, faoliyatining so‘nggi mavsumini Belgiyaning “Standard Lej” klubida o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir oy oldin, 3 iyul kuni Portugaliyaning yana bir mashhur futbolchisi Diogu Jota avtohalokatda vafot etgan edi.
Nodir Shukurov