Moldova Ukrainaga raketa hujumi ortidan rus diplomatini haydadi

Olam

image

Moldova respublika hududiga raketa parchalari qulashi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng Rossiya elchixonasi xodimini mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni respublika Tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vazirligi ma’lum qildi.

“TIEIV Rossiya Federatsiyasining Kishinyovdagi elchixonasi vakilini mamlakatimiz hududida persona non grata deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qiladi, endilikda u Moldova Respublikasi hududini tark etishga majbur. Qo‘shni davlatga raketa zarbalari xavfsizlikka tahdidni oshirishda davom etmoqda va mamlakatimiz fuqarolari urushning halokatli oqibatlarini tobora ko‘proq his qilmoqda”, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Ukrainaning energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar Moldovaning energetik xavfsizligiga ham tahdid solayotgani ta’kidlangan.

31 oktyabr kuni Moldova Ichki ishlar vazirligi mamlakatning Naslavcha aholi punkti chekkasiga Ukraina havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan raketaning parchalari qulagani haqida xabar berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, bir qator uylarning oynalari singan. Vazirlikning aniqlik kiritishicha, ertalab Ukrainaning Moldova bilan chegaradosh Vinnitsa va Chernovsi viloyatlarida havo ogohlantirishi e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 oktyabr kuni Rossiya Ukrainaning qator viloyatlari va poytaxt Kiyevga raketa hujumi uyushtirdi. Oqibatda elektr ta’minoti yanada yomonlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

146

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing