Markaziy Osiyoni “tebratayotgan” ayollar kimlar?
Tahlil
−
22 dekabr 2023
7560“Yuksalish” umummilliy harakati TOP-40: Markaziy Osiyoning yetakchi ayollari ro‘yxatini tuzdi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston Birinchi xonimi – “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva peshqadam bo‘ldi. Bu ro‘yxatdan uning qizi – O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham o‘rin olgan.
“Yuksalish”ning qayd etishicha, ushbu reytingga kiritilgan ayollar mintaqada turli sohalarga, shu jumladan siyosat, biznes, ta’lim, fan, san’at va ijtimoiy masalalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
“Nomzodlar ro‘yxati shakllantirilgach, Harakatning mintaqa miqyosidagi ekspertlar guruhiga taqdim etildi. Ekspertlar nomzodlarni ham matematik, ham empirik metodlarga tayangan holda saraladi”, deyiladi xabarda.
Ro‘yxatning ikkinchi va uchinchi o‘rinlarini mos ravishda Qirg‘iziston birinchi xonimi Aygul Japarova va Tojikiston birinchi xonimi Azizmo Asadullayeva band etgan. Keyingi o‘rin esa O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyevaga nasib qilgan. Shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha respublikalari parlamentlarida rais va rais o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelayotgan ayollar mazkur reytingga kiritilgan.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, ro‘yxatda birinchi xonimlardan keyin e’tirof etilgan Tanzila Norboyeva O‘zbekiston tarixida Senatga raislik qilayotgan ilk ayol. Bungacha u Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. “Shuhrat” medali, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2019 yilda “Eng faol davlat arbobi – O‘zbekistonda yil odami” sifatida e’tirof etilgan”.
Shuningdek, Norboyeva Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomidan “xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan. Unga bu ordenni rossiyalik hamkasbi Valentina Matviyenko topshirgan edi.
E’tiborli jihati, 2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan va tarixga “O‘sh voqealari” nomi bilan kirgan qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaroning asosiy aybdorlari ro‘yxati boshida qo‘li qonga botgan rahbar sifatida ko‘riladigan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza Otunboyeva ham ro‘yxatdan joy olgan. Ayni vaqtda u BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi rahbari bo‘lib faoliyat yuritmoqda. «Yuksalish» Roza Otunboyevaning ushbu ro‘yxatga kiritilgani bo‘yicha paydo bo‘ladigan e’tirozlarga avvaldan javob bergandek, uni quyidagicha alqagan:
“Roza Otunboyeva Markaziy Osiyodagi birinchi ayol prezident. Bugunda Qirg‘iz Respublikasi rivojiga ko‘p tomonlama hissa qo‘shayotgan “Roza Otunboyeva tashabbusi” jamoat fondi asoschisi. U yetakchilik, diplomatiya, faol fuqarolik va xalqaro hamkorlik sohalarida 35 yildan ortiq kasbiy tajribaga ega. Fuqarolik jamiyati, davlat va xususiy sektorlar hayotini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun Quvayt mukofoti bilan taqdirlangan”.
Garchi Markaziy Osiyo xalqlari orasida qozoq, qirg‘iz, tojik, turman va o‘zbek tillaridagi qo‘shiqlari va gastrol konsertlari soni va mashhurligi bilan O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova yetakchilik qilsada, ro‘yxatga negadir O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon kiritilgan. Nazarxonning esa o‘zbek va rus tillaridan boshqa tillarda qo‘shiq kuylagani ma’lum emas. Ro‘yxatda Nazarxondan boshqa san’at vakilalari keltirilmagan.
Reytingdan yana bir joyni Tojikiston rahbari Imomali Rahmonning ikkinchi qizi – Prezidentning ijroiya apparati rahbari Ozoda Rahmon ham band etgan.
“Yuksalish” izohiga ko‘ra, Ozoda Rahmon Tojikiston hukumatida yuqori lavozimlardagi faoliyatidan tashqari, o‘zining xayriya ishlari, mamlakatda ayollar huquqlari va ta’lim sohasidagi islohotlarga ta’sir ko‘rsatishi bilan tanilgan. Ammo Ozoda Rahmon Tojikistondagi eng yirik banklardan biri – “Spitamen Bank” va mamlakatdagi pivo zavodlaridan birining yashirincha egasi ekanligi davo qilinib, ko‘plab tanqidlarga uchragan.
Shu bilan birga, reytingdan O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari o‘rinboasari Gayane Umerova, Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Delivery Unit loyiha ofisi rahbari Aziza Umarova, Milliy mass media jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Nozima Davlatova ham joy olgan.
Bundan tashqari, harakat e’lon qilgan ushbu reytingga joriy yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlikda saylovida o‘z nomzodini “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan qo‘ygan Robaxon Mahmudova ham kiritilgan. Xo‘p, Robaxon Mahmudovani saylovdan keyin ancha odam tanidi, bildi deylik ammo ushbu reytingga kiritilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Zuhra Ibrohimova hamda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamovani hamma ham taniydimi? Ular bu ro‘yxatdan joy olishga qanchalik loyiq edi? “Yuksalish” umummilliy harakati balki keyingi safar tuzgan ro‘yxatida bu kabi savollarga javob berib, odamlarda shubha qoldirmaydi.
Yana bir jihati ushbu reyting e’lon qilinganidan so‘ng tarmoq faollari tomonidan bir qancha e’tirozlar bildirildi. Ya’ni ko‘pchilikning fikricha, mazkur ro‘yxatga sport sohasi vakilalari ham kiritilishi kerak edi. Jumladan, Olimpiada o‘yinlarida eng ko‘p qatnashgan sportchi sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan o‘zbekistonlik afsona Oksana Chusovitina reytingdan joy olishga so‘zsiz haqli edi.
Umuman olganda, bu ro‘yxatga kiritilishiga haqli bo‘lgan ayollar ko‘p. Masalan, ulardan biri olima, 10 yildan oshiq Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili bo‘lib ishlagan Sayyora Rashidovadir. Sayyora Rashidova yillar davomida kimyo va huquq sohasiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lib, u bir qancha kitob hamda ilmiy ishlar muallifidir. Shuningdek, u “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordeni bilan ham taqdirlangan.
Xo‘sh, ushbu reytingga kiritilgan ayollarni siz ham taniysizmi? Ular bu ro‘yxatdan joy olishga qanchalik loyiq?
LiveBarchasi