Mirziyoyev O‘zbekistonga eng ko‘p qarz bergan bank rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
24 mart 2022
10982Bugun, 24 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakavani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Bank rahbari O‘zbekiston yetakchisini O‘zbekistonning yetakchi xalqaro moliya institutlari rahbarlari va biznes vakillarini jamlagan Investitsiya forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan.
OTB bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari va istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan. Davlat rahbari OTB prezidentini yaqinda navbatdagi muddatga qayta saylangani bilan samimiy tabriklab, Yangi O‘zbekistondagi yangilanishlar dasturini ilgari surishda, shu jumladan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini oldini olishda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun alohida minnatdorlik bildirgan.
“Ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda loyihalar portfeli ikki barobarga kengayib, bugungi kunda 9 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma loyihalar doirasidagi investitsiyalarni o‘zlashtirish sur’atlari ham ikki barobar jadallashdi. Bank tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, shu jumladan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, moliya sektori, energetika, transport va infratuzilmani modernizatsiya qilish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida ko‘rsatilayotgan texnik ko‘mak yuqori baholandi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni jadal joriy etish, loyihalarni aralash moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, biznes, shu jumladan ayollar va yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish dasturlarini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy qilish, ta’lim va sog‘liqni saqlash loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni birgalikda qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Ma’lumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston asosiy qarz beruvchisi hisoblanadi. 2021 yil 1 iyul holatiga OTB oldidagi qarzdorlik 5 mlrd dollarni tashkil etgan.
LiveBarchasi