Mirziyoyev Orban bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga taklif qildi

Olam

image

Budapesht shahridagi “Karmelita” saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Mirziyoyev Orbanga Budapesht shahrida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan import o‘rnini bosish va GSP+ maqomi hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish muhimligi qayd etildi. Qayd etilishicha, shu maqsadda laboratoriyalar Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, tovarlarni oldindan sertifikatlash dasturi va eksport qiluvchi kompaniyalarga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma platforma ishga tushiriladi.

Bugungi kunda qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli 500 million dollarni tashkil etadi. Bu galgi tashrif uchun yana 1,5 milliard yevrolik yangi loyihalar tayyorlangan.

Joriy yilning iyul oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida Investitsiyaviy sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi. Shuningdek, O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yig‘ilishini biznes vakillarining keng ishtirokida o‘tkazish taklif qilindi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Qo‘qon shahrida o‘tgan birinchi Hududlar forumining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida Vengriyada ikkinchi forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Kelgusi yilni O‘zbekiston va Vengriya madaniyati yili deb e’lon qilish taklifi bildirildi. Vengriya davlat opera teatri sahnasida “Lazgi” baletini sahnalashtirish va Budapeshtdagi etnografiya muzeyida o‘zbek madaniyati ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ta’lim almashinuvi bo‘yicha Stipendium Hungaricum dasturi doirasidagi hamkorlik davom ettiriladi. Shuningdek, ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va O‘zbekistonda Vengriya oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shu ma’noda, joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Bundan tashqari, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida mutasaddi vazirliklarga qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash topshirildi.

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Viktor Orbanni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga taklif etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Viktor Orban Vengriya -O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing