Mirziyoyev Oxirzamon avliyolari cherkovi oqsoqoli bilan ko‘rishdi
Jamiyat
−
12 noyabr 6115 2 daqiqa
Bugun, 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Yuta shtatining Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar va Stirling xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ham ishtirok etgan. O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining sur’ati ortib borayotgan sharoitda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
O‘zbekiston va Yuta shtati o‘rtasidagi faol muloqot va almashinuvlar mamnuniyat bilan qayd etilgan. Raqamlashtirish, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarida qo‘shma loyihalar boshlangan.
Innovatsiyalar, tog‘-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va sanitariya sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi ta’kidlangan. Yakunda hududlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan va Markaziy Osiyo mamlakatlari Prezidentlari bilan birga C5+1 formatidagi sammitda qatnashgandi.
Keyinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi joriy etilishi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Live
Barchasi