Mirziyoyev Ko‘ksaroyda Vuchich bilan nimalar haqida gaplashdi?

Jamiyat

image

Bugun, 28 oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Prezident Mirziyoyev Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.

“Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi”, dedi O‘zbekiston rahbari.

Muzokaralarda alohida e’tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.

“Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida 2026 yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.


Shuningdek, tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Eslatib o‘tamiz, biroz avval Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Aleksandr Vuchich Ko'ksaroy O'zbekiston – Serbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing