Mirziyoyev Qozog‘iston Bosh vaziri bilan uchrashdi
Jamiyat
−
10 iyun 3356 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etayotgan Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Oljas Bektenov O‘zbekiston rahbariga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar doirasida O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlash barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Avtosanoat, elektrotexnika, to‘qimachilik, metallurgiya, farmatsevtika, qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish va ustuvor tarmoqlarda, shu jumladan hududlar darajasida sanoat kooperatsiyasining uzoq muddatli dasturini shakllantirish bo‘yicha ikki mamlakat hukumatlari tomonidan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rilishi muhim ekani qayd etildi.
Ma’lumot uchun, bugungi forumda 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmon ishtirok etmoqda. Ular orasida Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri O‘ljas Bektenov, Qirg‘iziston Hukumati raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yangi rivojlanish banki prezidenti Dilma Rusef, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari hamda Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalaridan kelgan nufuzli delegatsiyalar ham bor.