Mirziyoyev davlat mukofotlarini topshirdi (video)

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Bugun, 30 avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev barchani avvalo Mustaqillik bayrami bilan, yig‘ilganlarni davlatning yuksak mukofotlari bilan tabrikladi. Mamlakatda erishilayotgan natijalarning asosi, sa’y-harakatlarning mohiyati haqida yurakdan so‘zladi.

"Biz nima uchun mehnat qilyapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxtu kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga o‘xshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar – qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman", dedi Prezident.

Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan o‘zbekistonliklarni ham tabrikladi.

"Mukofot aslida nima? Mukofot – bu avvalo inson qadrini ulug‘lash degani. Odamning mehnati qadr topsa, davlat va jamiyat tomonidan e’tirof etilsa, bundan uning o‘zi, oilasi, do‘stlari, mahalla-ko‘y, qolaversa, el-yurt ham xursand bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham shu: halol va samarali ishlayotgan odamlarni qadrlash, izzat-ikrom ko‘rsatish", dedi davlat rahbari.

Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

"Yaxshi ishlagan odam qadr topadi. Bugun halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik yana bir marta qadr topayotgan kun. Bugungi yuksak unvonlar, orden va medallar sizlarni yangi zafarlarga chorlasin. Yurtimizda bunday insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, men ham mukofotlashdan charchamayman", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklar bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing