Mirziyoyev 40 mingdan ziyod pedagog bilan muloqot qilmoqda

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazmoqda. Tadbirga barcha hududlardan 40 mingdan ziyod pedagoglar ulangan. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

So‘zining avvalida davlat rahbari o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallim, professor va o‘qituvchilarni – bir millionlik pedagoglar jamoasini ana shu qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

O‘tgan hafta jonkuyar o‘qituvchi va murabbiylar, ta’lim va ilm-fan fidoyilarining bir guruhini davlatning yuksak mukofotlari bilan taqdirlash haqida Prezident farmoni imzolangandi. Ular orasida soha xodimlari bilan bir qatorda o‘z mablag‘i hisobidan ta’lim maskanlari qurgan, ta’mirlagan saxovatpesha tadbirkorlar, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlarimiz, hududida ta’lim rivoji uchun zarur sharoit yaratib berayotgan hokimlar ham bor.

Davlat rahbari yuksak unvon, orden va medallarni o‘z egalariga topshirdi.

Shuningdek, so‘nggi sakkiz yilda ta’lim va tarbiya sohasida ham o‘n yillarga teng keladigan ishlar amalga oshirilib, ulkan natija va yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi. O‘tgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sdi, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetadi. Yalpi ichki mahsulot hajmi ham yil oxirigacha 130 milliard dollar bo‘ladi.

Barcha tarmoqlarga zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar kirib kelayotgani hisobiga bu yil eksport 25 milliard dollarga olib chiqiladi. O‘tgan 8 yilda esa mamlakatimizga 130 milliard dollar xorijiy sarmoya kiritildi. E’tiborlisi, ilgari investitsiya, asosan, xomashyo resurslariga kiritilgan bo‘lsa, hozir har bir sohada yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilyapti.

“Men bu iqtisodiy ko‘rsatkichlarga nima uchun ko‘p to‘xtalyapman? Chunki iqtisodiyot qanchalik mustahkam bo‘lsa, ta’lim rivojlanadi. Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror o‘sadi. Bu – hayot qonuni!”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz O‘zbekiston tarixida ilk bor 50 milliard dollarlik marradan oshdi.

“Iqtisodiyotimiz barqaror o‘syapti, resurs va zaxiralarimiz ham yetarli. 

Bu – bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlar qurish, ta’lim va ilm dargohlarini zamonaviy jihozlash, ustoz va murabbiylarning moddiy manfaatdorligini muntazam oshirib borishning kafolati emasmi?!

Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim sifatini oshirish hamda ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Zero, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir!”, dedi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'qituvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing