MDH hukumat rahbarlari Tojikistonda yig‘ildi
Olam
−
05 iyun 8761 2 daqiqa
Bugun, 5 iyun kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning hukumat rahbarlari Dushanbeda yig‘ildi. Ular Millat saroyida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda tomonlarning Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorligi va Tojikistonning MDHga raisligi kun tartibi masalalari muhokama qilingan.
Imomali Rahmon Tojikiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, mamlakat tomonidan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va kengaytirish, dolzarb masalalarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalgan.
Tojikiston o‘z ishtiroki, xususan, MDHga amaldagi raisligi doirasida barcha a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha konstruktiv ishlarni amalga oshirayotgani alohida ta’kidlangan.
“Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, avvalambor, do‘stlik, hurmat va o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslanib, barcha tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda”, deb ta’kidladi Imomali Rahmon.

Shu bilan birga, davlat rahbari Tojikiston barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, butun Hamdo‘stlik hududida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini ta’kidlagan.
MDHning 2030 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini qabul qilish Tojikistonning Hamdo‘stlik doirasidagi raisligidagi muhim masala ekani qayd etildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, global muammolarni hal etish bo‘yicha bir-birlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muzliklarni asrash bo‘yicha yuqori darajadagi birinchi xalqaro konferensiya yakunlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilgan.

Bundan tashqari, xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kengaytirish zarur, deb topilgan.
Suhbat yakunida mamlakat Prezidenti, muhtaram Imomali Rahmon MDHga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisi ishiga muvaffaqiyatlar tilagan.