MB mijozlardan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar ro‘yxatini e’lon qildi

Jamiyat

image

Markaziy bank mijozlardan eng ko‘p shikoyat tushgan banklar reytingini e’lon qildi. Unda Biznesni rivojlantirish banki, Anorbank va Mikrokreditbank yetakchilik qilmoqda.

2026 yil I chorak natijasiga ko‘ra murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega TOP 10 banklar indeks ko‘rsatkichi bilan:

  1. Biznesni rivojlantirish banki – 3,34;
  2. “Anorbank” – 3,29;
  3. “Mikrokreditbank” – 3,23;
  4. AVO bank – 2,16;
  5. TBC bank – 2,06;
  6. “Davr bank” – 1,85;
  7. “Tengebank” – 1,72;
  8. “Asakabank” – 1,26;
  9. “Turonbank” – 1,25;
  10. “Agrobank” – 1,22.

Qayd etilishicha, indeks ko‘rsatkichi bankning moliyaviy ahvoli yoki faoliyatining barqarorligini baholamaydi. U faqat aktiv mijozlar soniga nisbatan yuqori turuvchi organlar orqali kelib tushgan murojaatlar ulushini ko‘rsatadi. Shuningdek, mazkur ro‘yxatdagi banklar tarkibi murojaatlar soni va aktiv mijozlar soniga ko‘ra har chorakda o‘zgarishi mumkin.

Bildirilishicha, hisobot choragi davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks ko‘rsatkichlari hisoblanmaydi va ushbu ro‘yxatga ham kiritilmaydi.

Markaziy bankka ko‘ra, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi:

  • bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi;
  • murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etilmasligi;
  • takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarning saqlanib qolishi;
  • masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi;
  • iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish zarurligi.

Shu munosabat bilan Markaziy bank mazkur banklarga murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan profilaktik choralarni kengaytirishni tavsiya etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing