Maktablarda o‘qituvchilar ishlatilgani ortidan Xovos hokimi jazolandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov huzurida atroflicha muhokama etilgan. Muhokamada hokimlik mutasaddilari, mas’ul tashkilotlar va maktab vakillari ishtirok etgan.

Jumladan, tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev, tuman hokimining o‘rinbosari Aziz Rasulov, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi R. Elchiyev, 9-maktab direktori D.Qodirberdiyev hamda ushbu maktabning matematika fani o‘qituvchisi F.Murtozoqulov o‘z fikr va izohlarini bildirgan.

Jarayonda maktab direktori ta’lim muassasasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tezkor tashkil etish maqsadida tashabbus ko‘rsatganini, bu jarayon o‘qituvchilar roziligi asosida hashar shaklida amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u maktabga yaqinda rahbar sifatida tayinlanganini, muassasada sog‘lom muhit to‘liq shakllanmaganini, guruhbozlik holatlari kuzatilayotganini va dars taqsimoti bo‘yicha murojaatchi tomonidan e’tirozlar bildirilganini bayon etgan.

Muhokama yakunida ish beruvchi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi R. Elchiyevga intizomiy jazo berilishi hamda 9-maktab direktori D. Qodirberdiyevning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Shu bilan birga, tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshevga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zaruriy targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erkinjon Turdimov IV Ustozlar milliy forumida  haq-huquqini bilmay majburiy mehnatga chiqqan o‘qituvchilarning o‘zlarini ham ishdan olish kerakligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab Sirdaryo majburiy mehnat Xovos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing