Makron ilk bor davlat tashrifi bilan Britaniyaga bordi
Olam
−
08 iyul 3531 3 daqiqa
Qirol Charlz III bugun, 8 iyul kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni Buyuk Britaniyada kutib oldi – bu Breksitdan so‘ng Yevropaning yetakchi siyosatchilari tomonidan amalga oshirilgan ilk rasmiy davlat tashrifidir. Ular o‘rtasidagi iliq uchrashuv ikki davlat munosabatlarining yaqinlashayotganini ramziy ifoda etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Makron ilk bor Britaniyada davlat tashrifi bilan qabul qilindi. U qirol bilan shaxsan yaqin munosabatga ega va har ikki yetakchi o‘z rafiqalari – Brijit Makron va qirolicha Kamilla hamrohligida bir-birini tabassum bilan qarshi oldi. Ularni otliq askarlar an’anaviy zarif libosda kuzatib turdi.

Qirol Charlz III kechqurun Vindzor qasridagi davlat ziyofatida so‘zlaydigan nutqida ikki mamlakat duch kelayotgan “ko‘p qirrali murakkab tahdidlar”ga urg‘u berishi kutilmoqda. Makron esa X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Britaniyaga kelganini e’lon qilar ekan, shunday yozdi: “Biz birgalikda barpo etishimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p narsalar bor”.
Tashrif boshida ikki mamlakat Fransiyaning yadroviy energetika kompaniyasi EDF tomonidan Sharqiy Angliyada atom elektr stansiyasi qurilishi uchun 1,1 milliard funt (1,5 milliard dollar) investitsiya kiritilishini e’lon qildi.

Vindzorda qirol Charlz, shahzoda Uilyam va rafiqasi Ketrin bilan birga ot arobalarida rasmiy marosimda qatnashdi. Bu yurish Vindzor qasrining hovlisida yakunlandi.
Britaniyada o‘tgan yili Kir Starmer boshchiligidagi markazchaviy-chap Leyboristlar partiyasi hokimiyatga qaytgach, London Yevropadagi ittifoqchilari bilan munosabatlarni qayta tiklashga intilmoqda. Qirol Charlz esa Makron tashrifi siyosiy muzokaralari oldidan tashrif muhitini yaratishda asosiy o‘rin tutmoqda.
76 yoshli monarx, hozirda saratonga qarshi davolanishni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, davlat ziyofatida shunday deyishi kutilmoqda:
“Ikki millatimiz nafaqat umumiy qadriyatlarga ega, balki ularni dunyo bo‘ylab amalda tatbiq etishda charchamasdan harakat qiladi”.
Makronning ushbu uch kunlik tashrifi iqtisodiy va tashqi siyosat masalalariga bag‘ishlangan. Biroq tashrifning birinchi kuni – marosimlarga va ramziy ma’nolarga boy. Bu Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi 2008 yili marhum qirolicha Yelizaveta tomonidan qabul qilinganidan so‘ng o‘tayotgan ilk davlat tashrifidir.
Qirol Charlz Makronni kutib olgan paytda uning o‘ng ko‘zi qizargani yaqqol ko‘ringan. Bu haqda Bukingem saroyi manbasi shunday dedi:
“Bu saraton bilan bog‘liq emas, balki ko‘zdagi qon tomir yorilishi natijasida yuzaga kelgan.”

Makron bugun markaziy Londondagi Britaniya parlamentida chiqish qilishi kutilmoqda. Keyinchalik u Vindzorga qaytib, qirol Charlz ishtirokidagi davlat ziyofatida nutq so‘zlaydi. U yerda taxminan 150 nafar mehmon qatnashadi.
Migratsiya masalalari
Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Starmer tashrifning keyingi bosqichlarida bir qator masalalar, jumladan odam savdosini to‘xtatish va iqtisodiy hamda mudofaa sohasidagi hamkorlikni yaxshilash yuzasidan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda. Bu muzokaralar AQSH Yevropadagi xavfsizlik kafolatchisi sifatidagi an’anaviy rolini pasaytirib borayotgan sharoitda o‘tmoqda.
Breksitdan keyingi munosabatlar, jumladan Kanal orqali qochqinlarning rezina qayiqlarda o‘tishi borasida muammolar bo‘lgan bo‘lsa-da, Britaniya va Fransiya Ukraina uchun shartli ravishda umumiy harbiy kuch tashkil etish ustida hamkorlik qilmoqda.

Britaniya rasmiylari Makron qochqinlarni qaytarish bo‘yicha pilot loyihaga rozi bo‘lishiga umid qilmoqda. Bu tizimga ko‘ra, Britaniya bir noqonuniy qochqinni Fransiyaga qaytarishi, evaziga Fransiyadan Britaniyada qolishga haqli bo‘lgan boshqa bir qochqinni qabul qilishi mumkin. Bu model odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi to‘dalarning ish usulini izdan chiqarishi mumkin.
Joriy yilning birinchi yarmida Fransiyadan Britaniyaga kichik qayiqlarda kelgan qochqinlar soni rekord darajaga yetdi.
Britaniyada Kir Starmer yetakchiligidagi Leyboristlar partiyasi reytingda o‘ngchi "Reform UK" partiyasi ortidan qolmoqda. Shu boisdan u migratsiya muammosiga qat’iy yechim taklif qilish uchun qattiq bosim ostida turibdi.
Fransiya esa bungacha bunday ikki tomonlama kelishuvga qarshi chiqib, Britaniyaning Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari bilan umumiy shartnoma imzolashi kerakligini bildirgan.
Live
Barchasi