Machu-Pikchuga ketayotgan ikkita poyezd to‘qnashdi. Qurbon bor (video)
Olam
−
31 dekabr 2025 2325 2 daqiqa
Kecha, 30 dekabr kuni Peruda sayyohlarni qadimgi inklar shahri Machu-Pikchuga olib ketayotgan ikki poyezdning qarama-qarshi yo‘nalishda to‘qnashuvi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi va 30 dan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Peruda mashhur Machu-Pikchu arxeologik majmuasiga sayyohlar bilan yo‘l olgan ikki poyezd to‘qnashgan. Hodisa oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan, taxminan 30 nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Aniqlanishicha, halok bo‘lgan shaxs temiryo‘l xodimi bo‘lgan. Hozirda Machu-Pikchuni yaqin atrofdagi Kusko shahri bilan bog‘lovchi temiryo‘l liniyasida harakat to‘xtatilgan.
“Temiryo‘lni boshqaruvchi kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Machu-Pikchudan chiqib ketayotgan poyezd u tomonga ketayotgan boshqa poyezd bilan to‘qnashgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Machu-Pikchuga har yili qariyb 1,5 million sayyoh tashrif buyuradi va ularning aksariyati hududga yaqin joylashgan Aguas-Kalentes shahriga poyezdda yetib boradi. O‘ziga xos tarzda mukammal moslashtirilgan tosh g‘ishtlar bilan mashhur bo‘lgan ushbu majmua XV asrda inklar tomonidan barpo etilgan bo‘lib, mamlakat imperatorlari uchun muqaddas maskan sifatida xizmat qilgan.
CNN’ga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida Machu-Pikchuga tashrif buyuruvchilar soni taxminan 25 foizga oshgan. Shu bilan birga, bu hududdagi turizm siyosiy beqarorlik va majmuani boshqarish bilan bog‘liq bahslar sababli zarar ko‘rgan. Ba’zan norozilik namoyishchilari qadimiy majmuaga olib boruvchi temiryo‘lni ham to‘sib qo‘yadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Oaxaka shtati janubida poyezd relsdan chiqib ketishi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgandi, yana 98 kishi turli darajada jarohat olgan edi.
Live
Barchasi