Livanda Isroil hujumlari oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Bugun, 23 oktyabr kuni Isroil harbiy samolyotlari Livan sharqidagi Baalbek shahrida bir nechta joylarni bombardimon qildi. Hodisa oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Bu haqda NNA xabar berdi.

Qayd etilishicha, jangovar samolyotlar sharqiy tog‘ tizmasidagi Janta shaharchasi atrofini nishonga olgan, hujumlar Baalbekning g‘arbida joylashgan Shmastar shaharchasi yaqinidagi bir nechta joylarga ham yoyilgan.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida bir kishi Jantada, yana biri Shmastarda halok bo‘lgan. Shuningdek, zarbalar tufayli o‘sha hududdagi bir maktab binosining oynalari sinib ketgan va bu holat o‘rta maktab o‘quvchilari orasida vahima uyg‘otgan.

NNA ma’lumotiga ko‘ra, Isroil qiruvchi samolyotlari Livanning sharqidagi Beka vodiysi ustida ham past balandlikda uchgan. Isroil armiyasi esa zarbalar Beka mintaqasida joylashgan “raketa ishlab chiqarish joyi” va “Hizbulloh” tomonidan mashg‘ulotlar uchun foydalanilgan majmua”, shuningdek, Livan shimolidagi Sharbin shahrida joylashgan harbiy ob’ektga qaratilganini da’vo qilgan.
 
Isroilning bu da’volariga “Hizbulloh” tomonidan hozircha hech qanday izoh berilmagan.

Qayd etish joiz, Isroil armiyasi 2024 yil noyabr oyida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Livanda “Hizbulloh” infratuzilmasini nishonga olish” bahonasida muntazam havo hujumlari uyushtirib kelmoqda. Sulh shartlariga ko‘ra, Isroil armiyasi 2025 yil yanvariga qadar Livanning janubiy hududlaridan to‘liq chiqib ketishi lozim edi. Ammo hozircha qo‘shinlar qisman olib chiqilib, chegaradagi beshta postda harbiy mavjudligini saqlab qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Isroil armiyasi Livan janubida joylashgan “Hizbulloh” harakati ob’ektlariga zarba berib, guruh butun mamlakat bo‘ylab o‘z infratuzilmasini tiklashga urinayotganini iddao qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Baal'bek

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing