QALAMPIR.UZ surishtiruvidan so‘ng kutubxonachilarni terimga chiqargan rahbar jazolandi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ’ga Buxoro viloyatidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi axborot-kutubxona markazida xodimlar majburiy mehnatga, ya’ni paxta yig‘im-terimiga jalb qilingani yuzasidan murojaat kelib tushgandi. Mazkur holat o‘z tasdig‘ini topdi va markaz rahbari jazolandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi. 

Bildirilishicha, Buxoro shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari Nasiba Aminova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismida nazarda tutilgan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani uchun jarimaga tortilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha (20 mln so‘mdan 41 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

QALAMPIR.UZ’ga kelgan murojaatda axborot-kutubxona markazining 32 nafar xodimi joriy yilning 5 oktyabr kuni Buxoro tumanidagi fermer xo‘jaligida 1503,0 kg paxta terib bergani ma’lum qilingandi. Shuningdek, murojaatchining bildirishicha, u holat bo‘yicha Mehnat vazirligining qisqa raqami bilan bog‘langan, biroq uning arizasi anonim tarzda qabul qilinmasligi tushuntirilgan.

Tahririyat holatga aniqlik kiritish maqsadida axborot-kutubxona markazi bilan bog‘langanda esa Markaz ma’muriyati xodimlar tomonidan imzolangan rozilik xatini ilova qilib, ular o‘z xohishi bilan, qo‘shimcha daromad olish maqsadida terimga chiqqanini ma’lum qilgandi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlandi. Mehnat qonunchiligini buzgan mansabdor shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-modda (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 1-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llanilgan. 8 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi bilan jazolangan. 1400 nafardan ortiq terimchilar bilan mavsumiy mehnat shartnomalari tuzilishida yordam ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qumqo‘rg‘on tumanida hokim o‘rinbosari Nigora Jumayevaning oila va xotin qizlar faollariga paxta terimiga terimchilarni jalb qilishga topshiriq bergani tasdig‘ini topib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi asosida jarima qo‘llanilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

paxta Buxoro kutubxona terim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing