Kusherboyev iste’molchilar huquqini buzayotgan “UzAuto Motors”ni jazolashni talab qilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev mijozlariga 4-pozitsiya Chevrolet Cobalt’ni avtomobil o‘rindig‘ini isitish modulisiz yetkazib berishni taklif qilayotgan “UzAuto Motors” AJga qator savollar bilan murojaat qildi.

“UzAuto Motors” 4-pozitsiya Chevrolet Cobalt’ni kutayotgan mijozlarga avtomobil o‘rindig‘ini isitish modulisiz taklif etmoqda ekan. Ushbu komplektatsiya 1 mln so‘mni tashkil etadi hamda ushbu summa mijozga qaytarib berilarkan”, deydi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning ushbu harakatlari bir qator savollarni keltirib chiqaradi.

Birinchi, iste’molchiga kompaniya yarimo‘tkazgich topa oldimi yo‘qmi qizig‘i yo‘q. U haqini to‘lagan vassalom.

Kompaniya nega boshqa mamlakatlar avtomobil sanoatiga o‘xshab, avval avtomobilni ishlab chiqarib keyin sotuvga chiqarmayapti? Nega yo‘q narsaga oldindan pul oladi?

Ikkinchi, kompaniyaning iste’molchiga ko‘rsatmagan xizmat yoki bermagan tovari uchun oldindan haq to‘lab ishlashi halol va qonuniymi?

Uchinchi, kompaniya nuqsonli tovar bergani yoki  iste’molchiga vaqtida tovarni bermagani uchun neustoyka(penya) ham to‘lashi kerak. Buning hisob-kitobi bormi?”, deydi Kusherboyev.

Uning ta’kidlashicha, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida “Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi”, degan norma bor. 

“Oddiy aytganda kimdir 100 mln so‘mlik avtombilga pul to‘ladi-yu, avtomobil aytilgan komplektatsiyada bo‘lmasa yoki vaqtida xaridorga yetkazib berilmasa, har o‘tkazib yuborilgan kun uchun unga 1 mln dan pul to‘lanadi. Agar 100 kun kechiksa, 100 mln to‘laydi.

Aytgancha shu qonun normasini kompaniyaga yangi kelgan horijlik bosh direktorgayam bildirib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi”, deydi deputat.

U yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ayni holatni o‘rganib, iste’molchilarni himoya qilish masalasida rasman so‘rov kiritilganini qo‘shimcha qilgan.

“Iste’molchilarga nisbatan bunday kamsituvchi munosabat uchun Agentlikdan keskin chora kutib qolamiz. Sudlar ham bu safar iste’molchi huquqiga ko‘z yummas. Zero O‘zbekiston – huquqiy davlat!”, deya so‘zini yakulagan Rasul Kusherboyev.

Avvalroq, “UzAuto Motors” ehtiyot qismlar tanqisligi muammosi yuzaga kelgani uchun mijozlariga 4-pozitsiya Chevrolet Cobalt’ni avtomobil o‘rindig‘ini isitish modulisiz taklif etgandi. Buning uchun 1 mln so‘m chegirma berilishi ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

743

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing