Kusherboyev 1 mlrdlik daraxtlarni kestirgan mas’ul soxta hujjatlar bilan “suvdan quruq” chiqayotganini aytdi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatning Denov tumanida Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i tomonidan kestirib tashlangan 109 tub qimmatbaho turdagi daraxtlarning bahosi – 65 million emas, balki qariyb 1 milliard so‘mga teng. Bu haqda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga tayanib, xabar bermoqda

Ta’kidlanishicha, Denov tumani markazida noqonuniy kesib tashlangan 109 ta daraxt masalasi bo‘yicha nima sababdan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagani yuzasidan Ichki ishlar vaziri va Bosh prokurorga deputatlik so‘rovi kiritilgan. 

Biroq, deputat zarar summasi jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun yetarli emasligi to‘g‘risida javob olgan. 

“Zarar miqdori 73 mln so‘mdan oshsa jinoyat ishiga tortarkan. 65 mln so‘mlik zararni Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi hisoblab bergan ekan”, deya yozadi deputat. 

Shundan so‘ng, deputat 109 ta daraxtga 65 million so‘m miqdorida zarar belgilash asoslimi, degan savol bilan respublika Ekologiya qo‘mitasiga murojaat qilgan.

“Qizig‘i shundaki, Qo‘mita javobida bildirilishicha, zarar belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqilganida miqdor 65 mln emas, 995 mln ekanligi ma’lum bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, zararni kamaytirib hisoblatishdan maqsad jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik bo‘lgan”, deydi Rasul Kusherboyev.

Qayd etilishicha, zarar miqdori qo‘mitaning markaziy idorasi tomonidan rasman 995 mln so‘m ekanligi tasdiqlangach, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasida yana bir bor Ichki ishlar vaziriga murojaat qilingan.

“Ishqilib Ekologiya qo‘mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasiga bosimlar bo‘lmagan bo‘lsinda. Menimcha buyog‘iga boshqa “fortochka” qolmadi. Endi natija va axborotni kutamiz”, deydi deputat. 

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev QALAMPIR.UZ'ga mazkur daraxtlar qirg‘inini Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bo‘lim boshlig‘i J.F. sodir etganini ma’lum qilgan

Qayd etish kerakki, J.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Mas’ul bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, ya’ni 2 mln 245 ming so‘m miqdorida jarima solingan. Vaholanki, Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Axborot xizmati o‘simlik dunyosiga 329 million 157 500  so‘m zarar yetkazilgani haqida ma’lum qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezidentning tegishli Farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.

Shundan so‘ng, “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida belgilangan.

Loyihada moratoriyni uzaytirish keng jamoatchilik taklifi ekani ta’kidlangan.

Unga ko‘ra, daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddatini 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilgan.

Joriy etilgan maratoriy davrida sal kam 136 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

157

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing