Krishtianu Ronaldu Toshkentga kelganini bilarmidingiz?
Sport
−
02 mart 2023
276615 karra “Oltin to‘p” sohibi, jahonning eng yaxshi futbolchilaridan biri Krishtianu Ronaldu 2009 yilda Toshkentga kelgan. 2009 yilda “Ronaldu Toshkentga keladi”, desa bu gapga ko‘pchilik ishonmagan bo‘lardi. Ammo o‘sha yillarda Toshkent jahon futboli markazlaridan biri bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda futbol yulduzlari qo‘shimcha daromad oladigan manzilga aylangandi.
Ronalduning tashrifi oldidan katta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Shahar bannerlari 2008 yilning eng yaxshi futbolchisi kelishi bilan bog‘liq yozuvlarga to‘lib ketdi. Portugaliyalik yulduzning mahorat darsini tomosha qilishga ishtiyoqmandlar shu qadar ko‘p ediki, “JAR” stadioniga kirish chiptalari juda tez fursatda sotib bo‘lindi. Krishtianu kelganida 8 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan sport majmuasi muxlislar bilan to‘lib toshdi.
Ronalduning kelishi “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tomonidan yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida tashkil etildi. Mehmon, bolalar futbol maktablari tarbiyalanuvchilari uchun mahorat darsi o‘tdi.
“Stadiondagi muhit aql bovar qilmaydigan darajada edi. Odamlar o‘rnidan turib: “Ronaldu” deb hayqirardi. Krishtianu ham bu holatni ko‘rib hayratda qoldi”, deydi hozirgi kunda O‘zbekiston muxlislar jamiyati rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Abdurahmon Fozilov.
Tashkilotchilar uchun ushbu tadbir ajoyib “piar” loyihasi bo‘ldi. Fond Forum Vasiylik kengashi raisi O‘zbekiston Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova edi. Mamlakatning eng boy va qudratli kishilaridan biri bo‘lgan Karimova Islom Karimovning vorisi sifatida ko‘rilardi.
O‘sha vaqtda O‘zbekistonda Karimova “persona”si faol targ‘ib qilindi.
U mashhur "qo‘shiqchi" edi, uning kliplari doimiy mahalliy musiqa kanallarida aylanardi. Karimova “Guli” brendi ostida zargarlik buyumlari kolleksiyasini ham yaratgandi. Jahon musiqasi yulduzlari Sting va Montserrat Kabale Karimovaning fondi tomonidan tashkil etilgan san’at festivalida chiqish qilgan.
Bundan tashqari, Karimova mahalliy "Bunyodkor" futbol klubining norasmiy egasi edi. Braziliyalik Rivaldo bu jamoada o‘ynadi, klub murabbiyi esa yana bir braziliyalik, Londonning "Chelsi" klubi sobiq ustozi Luis Felippe Skolari edi.
Ronalduning Toshkentga kelishi qanchaga tushganini tashkilotchilar ma’lum qilishni istamagan. O‘zbekistonga kelgan boshqa futbolchilar ham qancha olgani aniq emas. Toshkentga kelganlar orasida Samuel Eto'O, Sesk Fabregas, Karles Puyol va Andreas Iniyesta ham bor edi.
Vaholanki, qator ommaviy axborot vositalarining ma’lum qilishicha, o‘sha yillarda Skolarining maoshi 18 million dollar atrofida bo‘lgan; agar rost bo‘lsa o‘shanda u dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbol murabbiyi hisoblangan. Mo‘may pul to‘lanadigan joyga jahon futboli yulduzlari birin-ketin kelishi ajablanarli holat emas edi.
Xullas, o‘zbek futboli tarixida ana shunday voqeliklar sodir bo‘lgan. Mashhur futbolchilarinig O‘zbekistonga kelib yosh futbolchilar uchun mahorat darslarini o‘tib bergani mamlakat futboliga qay darajada foyda keltirgani ochig‘i, bizga qorong‘i. Ronaldu kelganida u bilan to‘pni mohirona o‘ynatgan 12 yoshli Shohjahon Hasanovga o‘sha vaqtda o‘zbek futboli kelajagi, O‘zbekiston Ronaldusi deya qaralgandi, biroq hozir o‘sha Shohjahon Hasanov qayerda?
LiveBarchasi