“Sharmandalik jadvali” yoxud poraxo‘rlar tamom bo‘ladi

Tahlil

Reklama
0:00

Toshkentda “raygaz” xodimi 21 ming dollar pora bilan ushlandi. Pskentda suv ta’minoti rahbari 3 mlrd so‘mlik quvurlarni talon-toroj qildi. Davlat tashkilotlarining 16,4 mlrd so‘mlik noqonuniy xaridlari aniqlandi. E’tibor berdingizmi, bu qisqa xabarlarni u qadar hayron bo‘lmay o‘qiyapsiz! Garchi raqamlar ko‘pchilik hayotida biror marta ko‘rmagan darajada katta bo‘lsa ham.

Buning sababi esa, bir mavzuda xabarlar ko‘paygani, korrupsion jinoyatlar haqida tez-tez gapirilishi oqibatida ularni oddiy va odatiydek qabul qilish boshlanganidir. Chunki, kunda-kunora yemakxo‘rliklar, firibgarlik, davlat pulini o‘zlashtirish, rastrata, ta’magirlik qilgan shaxslar kun mavzusiga aylanadi. Ha, korrupsiya – O‘zbekistondagi eng og‘riqli, mansab, mavsum, yosh, jins va soha tanlamas muammoga aylangan. Unga qarshi kurashish uchun keskin choralar ko‘rilishi shartligi doim takrorlangan. Va ko‘pchilik kutgan jarayon boshlandi. Endi byudjet pulini o‘margan mulozimlar 10 yilgacha qamaladi. Endi, korrupsionerlarning ochiq ro‘yxati tuzilib, “sharmandalik” jadvali e’lon qilinadi. Endi poraxo‘rlar jazodan muddatidan oldin ozod qilinmaydi. Endi poraxo‘r rahbarlarni o‘z o‘rinbosari “sotadi” va bu Komplayens tuzilmalari xodimlariga daxlsizlik huquqi beriladi. Xullas, poraxo‘rlarga endi juda qiyin bo‘ladi. Hozir shu haqida batafsil gaplashamiz.

Korrupsiyaga qarshi favqulodda holat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil oxirida Oliy Majlis palatalari va mamlakat xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilning 1 yanvaridan e’tiboran barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komplayens bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilishi, korrupsiyaga nisbatan kurashda favqulodda holat e’lon qilinishini aytgan edi.

Davlat rahbarining aytganlari amalda ishlashi uchun, korrupsiyaga qarshi favqulodda holat darajasida kurashish uchun O‘zbekistondagi barcha davlat organlari va tashkilotlarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etiladi. Ushbu xizmat agar davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarini aniqlaydigan bo‘lsa, bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bunga joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni asos bo‘ladi.

Qonunga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari idoralar faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimi joriy etilishini ta’minlashi, korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, byudjet mablag‘lari aylanmasini nazorat qiluvchi bo‘linmalarning hamda shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalarining faoliyatini muvofiqlashtirishi, shaffoflikni ta’minlash, affillanganlik hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini amalga oshirishi, davlat organi va tashkilotida korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazilishini hamda qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishini tashkil etishi belgilangan.

Shuningdek, Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Ularga o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun maxsus huquqlar beriladi.

Masalan, xodimlar Davlat organi va tashkiloti tizimidagi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan axborot hamda ma’lumotlar bazalaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek:

  • davlat organi va tashkilotida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiyaga qarshi choralarni hamda nazorat tadbirlarini mustaqil yoki ishchi guruh tuzgan holda tashkil etish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik qilish, ularni belgilangan tartibda jalb etish choralarini ko‘rish;
  • korrupsiyaviy omillarni aniqlash, ularning oldini olish va korrupsiya holatlariga chek qo‘yish maqsadida shaxslarning xatti-harakatlarini, hodisalarni hamda jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;
  • o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan ma’lumotlarni hamda boshqa zarur hujjatlarni va materiallarni so‘rash va olish;
  • vakolatini amalga oshirish doirasida zarurat tug‘ilganda tegishli hujjat va materiallar bilan tanishish maqsadida davlat organi va tashkilotining ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirish;
  • davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korrupsiya holatlari bo‘icha yuqori turuvchi komplayens xizmatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustaqil ravishda xabardor qilish;
  • davlat organi va tashkiloti tizimida korrupsiya holatlarini aniqlash hamda ularga chek qo‘yish maqsadida muayyan shaxslar bilan belgilangan tartibda nooshkor hamkorlik o‘rnatish;
  • davlat organi va tashkiloti tizimida aniqlangan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik faktlari bo‘yicha to‘plangan materiallarni qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki bevosita ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalariga taqdim etish;
  • davlat organi va tashkiloti tizimida qonun buzilishi hollarining oldini olish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar va ushbu hollarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish kabi huquqlar nazarda tutilgan.

Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega bo‘ladi.

Davlat organi va tashkiloti birinchi rahbarlarining korrupsiyaga oid huquqbuzarliklari alomatlari aniqlanganda yoki jinoiy guruh faoliyatiga rahnamolik qilayotgan deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lganda ularning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari yuqori turuvchi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati bilan kelishgan holda tegishli hujjatlar va ma’lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘g‘ridan-to‘go‘ri taqdim etish, shuningdek kadrlar masalasi va moliyaviy xarajatlar bo‘yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish huquqini vaqtincha to‘xtatish yoki tegishli rahbarni yoxud xodimni vazifasini bajarishdan vaqtincha chetlatish borasida taklif kiritish vakolatiga ega bo‘ladi.

Komplayens tuzilmalari xodimlariga daxlsizlik huquqi beriladi

Tabiiyki, ko‘pchilikni biron tashkilotdagi korrupsion yoki ehtimoliy jinoyat haqida xabar beradigan odam o‘sha tashkilotda xodim sifatida ishlasa, u o‘zidagi imkoniyatlardan 100 foiz foydalana oladimi degan savol o‘ylantiradi. Albatta, bunga ham yechim berilgan.

Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati muvofiqlashtirib boradi. Bu esa ularning himoyasi qay darajada ekanini ko‘rsatadi deyish mumkin.

Qolaversa, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga daxlsizlik huquqi beriladi, ya’ni ular davlat himoyasida bo‘ladi. Xususan, ularning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, ularning telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, xodimlarni ko‘zdan kechirish va ularni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek ularning xat-xabarlarini, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoxud olish faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yozma ruxsati bilan, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.

Yana komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari xodimini guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilishga, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga va ushlab turishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori xabardor etilgan holda, belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi. Bu tartib mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan bo‘shatilgan sobiq xodimlarga nisbatan ham ikki yil ichida amal qiladi. Shuningdek, bu turdagi xodimlarga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin. Ushbu kafolatlar ham joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan qonun bilan belgilangan.

Endi poraxo‘rlar jazodan muddatidan oldin ozod qilinmaydi

Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksining qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, Kodeksning 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish)ga kiritilgan “v1” bandiga ko‘ra, endilikda o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan shaxs yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagunicha jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi.

Qolaversa, ushbu moddaning “g” bandi ham “takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik” mazmunida to‘ldirilib, ushbu ayblov bilan hukm qilingan shaxslar ham jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmasligi belgilandi.

Bu holatga ehtimoliy misolni ham ko‘rsatishimiz mumkin. 2025 yilning noyabr oyida lavozimidan ozod etilib, 2026 yilning yanvarida Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilganlikda ayblangan sobik vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev joriy yilning aprel oyi o‘rtalariga kelib, ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘lgandi. Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq mulozim yetkazilgan zararni qoplagan.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestriga kiritiladi.

Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran 3 ish kuni ichida reyestrga shaxs haqidagi ma’lumotlarni kiritadi.

Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi va reyestrdagi shaxslarga nisbatan cheklovlar belgilanadi. Bular:

  • davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
  • saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining ko‘rsatilishi;
  • davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zosi bo‘lish;
  • o‘zi ta’sis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizdan ko‘proq qismiga o‘zi egalik qiladigan tadbirkorlarning davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi sifatida qatnashish;
  • davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarda va davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.

Elektron reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritiladi.
Shuningdek, yangi qonunga ko‘ra, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik belgisi Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismiga (o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga) o‘tkazildi. Bu degani endi byudjet pulini o‘margan mulozimlar 10 yilgacha qamaladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlar soni oshdi

O‘zbekistonda bevosita korrupsiyaga qarshi davlat siyosatini ishlab chiqadigan, profilaktika qiladigan va barcha idoralar ishini muvofiqlashtiradigan tashkilotlar soni 3 ta edi.

Birinchisi – davlatning oliy moliyaviy nazorat organi bo‘lgan Hisob palatasi. U davlat byudjetidan ajratilgan har bir so‘m, har bir tiyin qayerga va qanday sarflanganini tekshiradi. Agar biron-bir vazirlik yoki hokimlik qurilish yo xaridlar jarayonida narxni sun’iy oshirgan bo‘lsa, sodda qilib aytganda pulni “tuya qilgan” bo‘lsa, buni birinchi bo‘lib Hisob palatasining auditorlari aniqlaydi.

Keyingisi – Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiluvchi bu kengash tarkibiga jamoatchilik va davlat organlari vakillari kiradi. Milliy kengash oldin faqat respublika miqyosida faoliyat yuritgan. Yangi qonun bo‘yicha, endi uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bo‘linmalari tashkil qilinmoqda. Kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va Kengashning rahbar organlari qonun darajasida belgilanadi.

Uchinchi muhim tashkilot shubhasiz 2020 yil 29 iyunda tashkil etilgan – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadigan, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi asosiy mustaqil organ. Davlat xaridlaridagi ochiqlik va deklaratsiya tizimini aynan shu agentlik boshqaradi.

Mana endi ularning safiga Davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirib boradigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati ham qo‘shildi.

Ko‘rinib turibdiki, korrupsiyaga qarshi e’lon qilingan favqulodda holat – aniq mexanizm bo‘yicha ishlayapti. Endi masala kim qaysi idorada o‘tirgani yoki kimning ortida kim turganida emas. Amaldorlar uchun tanlov oddiy: yo halol ishlash, yo kelajagini, mansabini va erkinligini elektron reyestrdagi “sharmandalik jadvali”ga almashish. Tizim o‘zgardi, qonunlar keskinlashdi. Endi navbat ijroga. Chunki har qanday eng mukammal qonun ham, agar u amalda qat’iy ishlamasa, shunchaki qog‘oz bo‘lib qolaveradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing