Koreyada sobiq prezident poraxo‘rlikda ayblandi

Olam

image

Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Mun Chje Inni o‘zining sobiq kuyovini Tailand aviakompaniyasiga ishga joylashtirishga yordam bergani uchun poraxo‘rlikda aybladi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Prokuraturaning bildirishicha, 2017 yildan 2022 yilgacha prezident lavozimida ishlagan Mun Chje In 2018 yilda o‘zining sobiq kuyovini Tailand aviakompaniyasida yuqori maoshli lavozimga qabul qilinishiga yordam bergan. Qayd etilishicha, uning kuyovi faqat oddiy vazifalarni bajargan.

Xabarga ko‘ra, bu sobiq prezidentga uning qarindoshi orqali aviakompaniyadan maosh va boshqa to‘lovlar ko‘rinishida berilgan pora shakli sifatida qaraladi. 2018 yil avgustidan 2020 yil apreligacha noqonuniy olingan foyda summasi taxminan 218 million von (taxminan 152 000 dollar) miqdorida baholanmoqda.

“Shu munosabat bilan prokuratura sobiq davlat rahbarini o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun jazolash to‘g‘risidagi qonunning moddasi bo‘yicha pora olishda ishtirokchi sifatida aybladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, sobiq prezident o‘z lavozimidan qizining oilasini Tailandga ko‘chirish uchun foydalangani aytilmoqda.

“Aniqlanishicha, Prezident ma’muriyatining Maxsus inspeksiya guruhi orqali kuyovni ishga joylashtirish jarayoni ham, Tailandga ko‘chib o‘tishi ham nazorat qilingan”, deyiladi xabarda.

Sobiq prezidentning qizi va kuyoviga kelsak, ular javobgarlikka tortilmagan, ularga nisbatan hibsga olinmasdan jinoiy ta’qibni to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning yana bir prezidenti Yun Sok Yol rasman lavozimidan chetlatilgan edi. U o‘tgan yilning dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy qilishga uringan.

Shundan so‘ng, parlament uni qo‘zg‘olonga urinishda ayblab, impichment e’lon qildi.  U qo‘zg‘olonga urinish haqidagi ayblovlarni rad etib, o‘zining qarorini “siyosiy jihatdan asosli” deb atagan va u davlatni muxolifatdan himoya qilish uchun qabul qilinganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing