Koreyada bosh murabbiy tayinlovi tekshirildi

Sport

image

Janubiy Koreya politsiyasi mamlakat terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Xon Myon Boni tayinlashda qoidalar buzilgani haqidagi ish yuzasidan Koreya futbol assotsiatsiyasi (KFA) idoralarida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayanib, “Yonhap News” xabar berdi.

Ma’lumotiga ko‘ra, tintuvlar bugun, 6 avgust kuni Chxonan shahridagi KFA bosh qarorgohi hamda Seul markazidagi ofisida o‘tkazilgan.

Tergov 2024 yil iyul oyida Xon Myon Boning milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanishi bilan bog‘liq. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, murabbiy belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilinmagan holda ishga qabul qilingan. Xususan, KFA bir necha oy davom etgan xorijlik nomzodlar qidiruvini to‘xtatib, Xon Myon Boni to‘liq suhbat jarayonisiz tasdiqlagan.

Nashrning eslatishicha, 2024 yil oktyabr oyida Janubiy Koreya Sport vazirligi KFA Xon Myon Bo hamda sobiq bosh murabbiy Yurgen Klinsmannni tayinlash jarayonida ichki qoidalarni buzganini ma’lum qilgan edi. Biroq o‘sha paytda vazirlik qonunbuzarlik alomatlarini aniqlamagan.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionatida Janubiy Koreya terma jamoasining muvaffaqiyatsiz ishtirokidan keyin ushbu ishga e’tibor yanada kuchaydi. Jamoa Chexiyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, Meksika va Janubiy Afrikaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib, guruh bosqichidan chiqa olmadi hamda o‘z guruhida uchinchi o‘rinni egalladi.

Shundan so‘ng Xon Myon Bo iyun oyi oxirida muxlislar bosimi tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon ham terma jamoaning Jahon chempionatidagi ishtirokini qattiq tanqid qildi va omadsiz natijaning sabablarini tekshirishni buyurgandi.

57 yoshli Xon Myon Bo Janubiy Koreya terma jamoasini ilk bor 2013-2014 yillarda boshqargan. U 2024 yilda yana bosh murabbiylikka qaytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing