“Kolya Qirg‘iz” jinoiy guruhiga aloqador yer davlatga qaytarildi
Olam
−
10 noyabr 2025 6332 2 daqiqa
Qirg‘izistonlik marhum kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhiga aloqador 80 gektar yer davlatga qaytarildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga oid jinoyat ishi tergovi doirasida tadbirkorlik sub’ektlari vakillaridan tovlamachilik bilan shug‘ullanish holatlari aniqlandi. Bu mablag‘lar Qamchibek Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhini yanada moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan edi.
Tergov-tezkor tadbirlari natijasida Chuy viloyatining Issiq-Ota tumanidagi 80 gektar yer davlat nazoratiga qaytarildi.
Ma’lumot uchun, Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli “vorzakon”lardan biri bo‘lgan. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, “pul yuvish”, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.
2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan. Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan. U 2023 yilning oktyabr oyida Bishkekda o‘ldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qirg‘izistonlik marhum kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhi sobiq a’zolari ushlangandi.
Live
Barchasi