“Koinot go‘zali – 2025” g‘olibasi aniqlandi (video)
Madaniyat-san’at
−
21 noyabr 14209 2 daqiqa
Bugun, 21 noyabr kuni Tailandda “Miss Universe – 2025” (“Koinot go‘zali”) xalqaro go‘zallik tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi va meksikalik Fotima Bosh g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda tanlovning rasmiy sahifalarida e’lon qilindi.
Dunyoning eng go‘zal qizi tojini unga 2024 yilgi “Miss Universe” sohibasi, daniyalik Viktoriya Teylvig topshirgan. Birinchi vitse-miss deb Tailand vakilasi e’lon qilingan. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlar esa Venesuela, Filippin va Kot-d’Ivuardan bo‘lgan ishtirokchilarga nasib etgan. Tanlov Bangkokdagi IMPACT ko‘rgazma va kongress markazida o‘tkazilgan.
Fotima Bosh g‘alabasidan so‘ng bayonot bergan.
“Men ushbu tojni boshimda ko‘tarib yurib, zulmat bo‘lgan joylarga nur olib borishni, qizlar va ayollarga o‘z ovozining kuchiga ishonish uchun ilhom berishni istardim. Ammo eng avvalo, ular bugun qanday bo‘lsalar, shundayligicha yetarli ekanliklariga ishonishsin”, deydi u.
Yangi “Miss Universe” o‘z shaxsiy hayoti haqida ham gapirgan.
“Mening yigitim yo‘q. Sevgi kutishi mumkin”, deydi Fotima jilmayib.



Fotimaning bo‘yi 1,74 metr, yoshi 25 da. U Ibero-amerika universitetida liboslar dizayni va moda yo‘nalishida bakalavr darajasini olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Miss Universe-2025” finali arafasida katta mojaro yuz bergani haqida xabar berilgandi. Tayyorgarlik tadbirlari vaqtida tanlov tashkilotchilaridan biri – tailandlik tadbirkor Navat Isaragrisil Fotima Boshning homiylik fotosessiyasida ishtirok etmagani uchun uni omma oldida tanqid qilgan va qizni “ahmoq” deb atagandi. Isaragrisil esa bu so‘zni ishlatmaganini iddao qildi. Mojaro vaqtida u Boshni xonadan chiqarib yuborish uchun qo‘riqchilarni chaqirdi, bunga norozilik sifatida yana bir nechta ishtirokchi xonani tark etdi.
Bu voqeani tanlovning yana bir tashkilotchisi – meksikalik biznesmen va Miss Universe Organization prezidenti Raul Rocha Kantu qoraladi. Tailandlik tadbirkor esa tanlov jarayonidan chetlashtirildi.
“Bloomberg”ning yozishicha, Kantu va Isaragrisil o‘rtasida tanlovga bo‘lgan turli yondashuvlar sababli umumiy kelishmovchiliklar ham mavjud bo‘lgan. Tailandlik biznesmen tanlovni reklama va inflyuenserlarga tayangan holda, ko‘ngilochar, daromad keltiradigan tadbirga aylantirmoqchi bo‘lgan, Kantu esa bu yondashuvni rad etib, “Miss Universe” ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan platforma bo‘lib qolishini istagan.
Live
Barchasi