Kiyevdagi shimoliy koreyalik asirlar o‘zlarini Seulga topshirilishini so‘radi
Olam
−
02 noyabr 2025 10326 2 daqiqa
Ukrainadagi ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asir Janubiy Koreyaga o‘tkazilishini so‘radi. Bu haqda bugun, 2 noyabr kuni Janubiy Koreyaning inson huquqlari tashkilotiga tayanib, AFP xabar berdi.
Bu so‘rov Gyeore-eol Nation United inson huquqlari faollari tomonidan muvofiqlashtirilgan hujjatli film uchun intervyu paytida bildirilgan.
Intervyu 28 oktyabr kuni Kiyevda yozib olingan bo‘lib, u yerda Rossiya Qurolli kuchlari tomonida jang qilgan ikki shimoliy koreyalik askar Ukraina tomonidan asirga olinganidan keyin hibsda saqlanmoqda.
Janubiy Koreya va G‘arb razvedka agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 10 000 Shimoliy Koreya askari Ukrainadagi urushga yuborilgan.
Janubiy Koreya razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya askarlariga qo‘lga olinmaslik uchun muntazam ravishda o‘z joniga qasd qilish buyuriladi va, xususan, yaralangan taqdirda, ular granatalarni portlatadi. Janubiy Koreya razvedkasi sentyabr oyida Ukrainadagi janglarda taxminan 2000 Shimoliy Koreya askari halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishi boshlanganidan beri kuchaydi. Pxenyan Rossiyani harbiy tajovuzida qo‘llab-quvvatlaydi. Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiya armiyasi tomonidan qo‘shni davlatga qarshi olib borilayotgan harbiy operatsiyalarda ishtirok etadi. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya Rossiyaga migrant ishchilarni yuboradi va uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi.
Janubiy Koreya va bir qator G‘arb mamlakatlaridagi razvedka agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga artilleriya snaryadlari va raketalarini ham yetkazib beradi, ulardan Moskva Ukrainaga hujum qilish uchun foydalanadi. Buning evaziga Pxenyan Rossiyadan texnik maslahatlar oladi, jumladan, sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha.
Live
Barchasi