Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi bosh kotibi etib qayta saylandi
Olam
−
23 fevral 3211 2 daqiqa
Kecha, 22 fevral kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Mehnat partiyasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylandi. Bu haqda Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi xabar berdi.
Saylov Pxenyanda bo‘lib o‘tgan Koreya Mehnat partiyasining to‘qqizinchi s’ezdi davomida o‘tkazilgan. Qurultoy har besh yilda bir marta tashkil etiladi. Unda Markaziy qo‘mita a’zolari ham saylanadi va partiya nizomiga ayrim o‘zgartirishlar kiritiladi.
Kim Chen In 2011 yildan buyon, otasi Kim Chen Ir vafotidan so‘ng mamlakatni boshqarib kelmoqda. 2019 yilda esa konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar orqali uning davlat boshqaruvidagi vakolatlari yanada mustahkamlangan.
S’ezdda Kim so‘nggi besh yillik faoliyat yakunlarini sarhisob qilgan va kelgusi besh yil uchun ustuvor vazifalarni belgilab bergan. Uning ta’kidlashicha, partiya oldida iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish hamda davlat va jamiyat hayotini o‘zgartirish kabi muhim vazifalar turibdi.
Shu bilan birga, Kim mamlakat so‘nggi yillarda sanksiyalar va global sog‘liqni saqlash inqirozi kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirganiga qaramay, bu sinovlarni yengib o‘tganini va yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR rahbari Kim Chen In o‘z qizi Kim Chju Eni voris sifatida tayinlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Bunga Kim Chju Ening so‘nggi paytlardagi rasmiy tadbirlardagi ishtiroki va ayrim siyosiy qarorlar yuzasidan fikr bildirgani asos qilib keltirilgan.
Live
Barchasi