Xususiy sektorda o‘rtacha oylik 5 mln so‘mga yaqinlashdi
Jamiyat
−
20 avgust 2976 2 daqiqa
O‘zbekistonda o‘tgan yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, biznesni soyadan chiqarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ko‘paytirilgani hisobiga 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paygan, 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirgan.
Bildirilishicha, o‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddat ichida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshlagan. Masalan, 1 ming 600 ta mikro korxona bir yil ichida aylanmasini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxonaga, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylangan. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shilgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistongda o‘tgan yili aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 203 ta korxona bor bo‘lsa, bu yilning o‘tgan olti oyida ularga qo‘shimcha yana 47 ta korxona 400-500 milliard so‘mlik marrani zabt etgan.
An’anaga ko‘ra, bu yil ham kichik biznes vakillaridan tortib yirik korxonalar rahbarlarigacha – eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlardan 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular orasida ilmi bilan biznesni rivojiga katta hissa qo‘shayotgan olimlar ham bor. O‘tgan bir yilda yana 52 nafar ishbilarmon tadbirkorlar, mirishkor dehqon va fermerlar, tashabbuskor investorlar orden va medallar sohibiga aylangan.
“Ayniqsa, homiylik qilib bog‘cha va maktab, shifoxonalar qurayotgan, ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashayotgan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlayotgan saxovatpesha tadbirkorlarimiz ko‘payib borayotgani bizni quvontiradi.
O‘g‘il-qizlarimizni sportga jalb qilish uchun katta-katta sharoit qilib berayotgan, ularning jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlari, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori cho‘qqilarni zabt etishiga ko‘maklashayotgan biznes vakillari yurtimizning chinakam fidoyilaridir”, dedi Prezident.
Fursatdan foydalanib, davlat rahbari butun respublikaning biznes vakillariga o‘zining chuqur va samimiy minnatdorligini izhor qildi va bayram bilan tabrikladi.
Live
Barchasi