Xususiy klinikalarga organ transplantatsiyasi o‘tkazishga ruxsat beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanish imkoni beriladi. Bu haqda bugun, 1 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, taqdimotda, avvalo, xususiy sektorning soha rivojidagi o‘rni va bu boradagi mavjud imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. 2016 yilda O‘zbekistonda 3,2 mingta xususiy klinika faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026 yilda ularning soni 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Xususiy tibbiyot yo‘nalishlari 39 tadan 116 taga, ushbu sektordagi koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha ko‘paygan. Xususiy sektorning umumiy koyka fondidagi ulushi 12 foizdan 31 foizgacha oshishi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, tizimdagi ayrim muammolar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, tibbiy xizmatlar sifati ustidan amaldagi nazorat mexanizmlari yetarli darajada samara bermayotgani, litsenziyalash talablari zamon talablariga to‘liq javob bermasligi, xususiy klinikalar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona elektron tizimda shakllanmagani, shuningdek, investitsiya loyihalari bilan manzilli ishlash tizimi yetarli emasligi qayd etilgan.

Shu bois, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va uning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar taqdim qilingan.

Xususan, tibbiy faoliyatni litsenziyalash bilan bog‘liq barcha vazifalar Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga o‘tkazilib, 2026 yil 1 iyuldan litsenziyalash tartiblarini kuchaytirish, bemor xavfsizligi va tibbiy yordam sifatini ta’minlashga doir 48 turdagi litsenziya talablarining 14 tasini qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan. Mazkur jarayonda ko‘p tarmoqli klinikalar faoliyatini to‘liq to‘xtatish amaliyotidan voz kechib, faqat aniq qoidabuzarlik aniqlangan yo‘nalish bo‘yicha cheklov qo‘llash tartibi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, tibbiyot tashkilotlarining litsenziya talab va shartlariga rioya qilinishi bo‘yicha sifat nazorati kuchaytirilib, elektron axborot tizimida masofaviy baholab borish orqali nazorat qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga litsenziya doirasidagi barcha yo‘nalishlarda byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini taqdim etish, 2028 yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tmagan nodavlat va respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari bilan Sug‘urta jamg‘armasi tomonidan tibbiy xizmatlarning xaridini amalga oshirmaslik taklif etilgan.

2030 yil yakuniga qadar barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich, xususan, 2027 yil 1 aprelgacha 55 ta respublika, 2028 yil yakuniga qadar 413 ta hududiy hamda 2030 yil yakunigacha 3 mingdan ortiq tuman (shahar) davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyati majburiy litsenziyalanadi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

transplantatsiya Xususiy klinika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing