“Xotini u bilan juda yomon munosabatda”. Tramp Makronning ustidan kuldi (video)
Olam
−
02 aprel 5092 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning ustidan keskin hazil qilib, fransuz yetakchisining rafiqasi unga yomon munosabatda bo‘lishini aytdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Oq uyning YouTube kanalida Donald Tramp ishtirokidagi shaxsiy tushlik videoyozuvi qisqa vaqtga paydo bo‘lgan. Bir oz vaqt o‘tgach, video o‘chirib tashlangan, biroq jurnalistlar uning nusxasini olishga ulgurgan. Katta ehtimol bilan ushbu video ommaviy tarqatish uchun mo‘ljallanmagan.
Xabar qilinishicha, Tramp yana NATOni Erondagi urushni qo‘llab-quvvatlamagani uchun tanqid qilgan. Bundan tashqari, u Emmanuel Makronning 2025 yildagi voqea – rafiqasi Brijit tomonidan itarib yuborilgani aytiladigan holat ustidan kulgan.
AQSH Prezidenti tushlikdagi sheriklariga Makron bilan yaqinda bo‘lgan telefon suhbati haqida so‘zlab bergan. U Makronning ingliz tilidagi talaffuzini masxara qilgan va Makronlar oilasining shaxsiy hayotiga “to‘xtalib o‘tgan”.
“Men Fransiyaga, Makronga qo‘ng‘iroq qildim. Uning rafiqasi u bilan juda yomon munosabatda. Makron hali ham xotinidan yegan kaltagidan keyin o‘ziga kelolmayapti”, degan Tramp.
Fransiyalik siyosatchilar Trampning bu harakatini keskin tanqid qilib, buni yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb atagan. Fransiya parlamenti quyi palatasi prezidenti Yael Braun-Pive hozirgi vaqtda butun dunyo kelajagi muhokama qilinayotganiga e’tibor qaratgan.
“Eronda sodir bo‘layotgan voqealar millionlab odamlar hayotiga ta’sir qilmoqda, jang maydonida odamlar halok bo‘lmoqda, bizda esa boshqalar ustidan kuladigan va masxara qiladigan Prezident bor”, deydi u.
Makronning “Bo‘ysunmas Fransiya” partiyasidagi raqiblari ham Trampning bayonotlarini qoralab, uni qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning may oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Vetnamga borgan paytida ayolidan tarsaki yegan edi. Keyinroq mazkur holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Live
Barchasi