Xorazmda qizlarni zo‘rlagan amaldorlar ishi sudda qaytadan ko‘rib chiqiladi

Jamiyat

image

Xorazmda oilaviy mehribonlik uyi qizlarini zo‘rlagan amaldorlarning ishi appelyatsiya instansiya sudida yangitdan ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Bugun, 6 aprel kuni Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimining A.M. va A.Q.ga oid qismini bekor qilgan. Ushbu ishni yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborish to‘g‘risidagi Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 6 apreldagi ajrimi bilan Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti qanoatlantirilib, ushbu jinoyat ishini yangitdan appellyatsiya instansiya sudida ko‘rish uchun yuborilishi belgilandi.

Pedofil amaldorlar qissasi

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.X. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgan. 

Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yu.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

A.M. va A.Q.ning himoyachisi hamda Yu.X. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning  ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi. FVV ham o‘z xodimi o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash vaqti kelgani haqida ma’lum qildi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu holatni “xavotirli” deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.

 Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyatidagi holat bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasining ajrimlari qonuniyligi o‘rganilgan.  

29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Xorazm mehribonlik uyi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing