Xitoy yadroviy qurollar bo‘yicha muzokaralarda qatnashishdan bosh tortdi
Olam
−
07 fevral 508 2 daqiqa
Xitoy AQSH va Rossiya ishtirokidagi ehtimoliy ko‘p tomonlama formatni ham o‘z ichiga olgan yadro qurollarini nazorat qilish va qisqartirish bo‘yicha hech qanday muzokaralarda qatnashmaydi. Bu haqda Xitoyning BMTning Jenevadagi bo‘linmasi huzuridagi vakili Szyan Shen ma’lum qildi.
U Xitoyning yadroviy salohiyati “hech bir jihatdan AQSH yoki Rossiya darajasiga mos kelmasligini” bildirgan va shu sababli Pekin hozirgi bosqichda bunday muzokaralarda ishtirok etishni mumkin deb hisoblamasligini ma’lum qilgan.
“Yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha asosiy mas’uliyat eng yirik yadroviy arsenallarga ega davlatlar zimmasida bo‘lishi kerak”, deydi xitoylik diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu davlatlar o‘z qurollarini sezilarli va tekshiriladigan tarzda qisqartirish bo‘yicha qadam tashlashi shart.
Qayd etish joiz, joriy yilning 6 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington “kuch pozitsiyasidan” muzokara olib borish imkoniga ega bo‘lishi uchun o‘z yadroviy arsenalini saqlab qolishini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar o‘z xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan shartlarga rozi bo‘lishga tayyor emas va yadroviy qurollarni modernizatsiya qilishni davom ettiradi, shu bilan birga yadroviy arsenallar sonini qisqartirishga qiziqish bildiradi.
Rubio avval AQSH va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvlarga asoslangan qurollarni nazorat qilish tizimi endi hozirgi voqelikka mos kelmasligini qayd etgan. Bunga Xitoyning so‘nggi yillarda o‘z yadroviy salohiyatini sezilarli darajada oshirgani sabab bo‘lgan.
Marko Rubio, shuningdek, Moskva 2023 yilda “yillar davom etgan buzilishlar” ortidan Strategik hujumkor qurollar to‘g‘risidagi shartnomadagi (START) ishtirokini to‘xtatganini eslatgan va shu bois 5 fevral kuni uning amal qilish muddati tugashi yangi qurollanish poygasi boshlanishini anglatmasligini bildirgan.
Shu bilan birga, Rossiyaning Jenevadagi Qurolsizlanish konferensiyasidagi doimiy vakili Gennadiy Gatilov 6 fevral kuni Moskva yadro qurollarini nazorat qilish yoki qisqartirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishga tayyorligini, biroq bunga Buyuk Britaniya va Fransiya ham jalb etilishi sharti bilan rozi bo‘lishini ma’lum qilgan.