Xitoy O‘zbekistonning mustaqilligini tan olmaydimi? 

Tahlil

Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay postsovet davlatlarining, jumladan, O‘zbekistonning ham suverenitetini shubha ostiga olib, diplomatik mojaro keltirib chiqardi.

Voqealar rivoji quyidagicha:
 
Fransiyalik telejurnalist Darius Rosheben “La Chine Info” telekanali efirida Xitoy elchisi Lu Shaydan Qrim bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniqlashtirishni so‘radi va elchi savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berdi: 

“Yarim orol hududi Ukrainaga tegishlimi? Bu muammoni qanday qabul qilishingizga bog‘liq”, deb javob berdi diplomat va Qrim “boshdanoq ruslar”ning yeri ekanligini qo‘shib qo‘ydi.

Uning aytishicha, Qrim tarixan Rossiyaning bir qismi bo‘lgan va hudud Ukrainaga sobiq Sovet rahbari Nikita Xrushchyov tomonidan sovg‘a qilingan. Jurnalist uning bu gapiga javoban xalqaro huquq Qrimni Ukraina hududi sifatida tan olishini ta’kidlagan.  Shundan so‘ng esa Lu Shay, u postsovet davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning ham suvereniteti kuchli huquqiy asosga ega emasligini aytgan.

“Ushbu sobiq SSSR davlatlari xalqaro huquqda haqiqiy maqomga ega emas, chunki ularning suveren maqomini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro shartnoma yo‘q”, degan Xitoy elchisi.

Shu sababli u postsovet chegaralari masalasida “behuda munozaralar”ni bas qilishga ham chaqirgan.
Mazkur telemuloqot efir yuzini ko‘rishi bilan Fransiya, Ukraina va Boltiqbo‘yi mamlakatlari ya’ni Latviya, Litva va Estoniya elchining bu gaplarini keskin tanqid qildi, Xitoy elchisining Ukraina suverenitetini shubha ostiga qo‘yganidan xavotirda ekanini aytib, o‘z noroziligini ochiqchasiga bildira boshladi.

Xususan, Fransiya Xitoy hukumatidan Lu Shayning izohlariga aniqlik kiritishni talab qildi.
Fransiya yakshanba kunining o‘zidayoq bunga javoban uzoq yillik zulmdan so‘ng” mustaqillikka erishgan barcha jabrlangan ittifoqdosh davlatlar bilan “to‘liq birdam”ligini e’lon qildi.

“Xitoyning Fransiyadagi elchisining 1991 yilda Sovet Ittifoqi qulashi bilan mustaqillikka erishgan davlatlar chegaralariga oid so‘zlarini xavotir bilan eshitdik.
Biz yillar davomidagi zulmdan so‘ng uzoq kutilgan mustaqillikka erishgan barcha ittifoqchilarimiz va manfaatdor hamkorlarimiz bilan to‘liq birdamligimizni bildiramiz”, degan Fransiya TIV vakili Benjamin Hadded.

Shuningdek, Fransiyalik siyosatchi Xitoy elchisining Ukraina haqidagi gaplariga ham alohida to‘xtalgan.

“Xususan, Ukraina masalasiga kelsak, u 1991 yilda butun xalqaro hamjamiyat, xususan, Xitoy tomonidan SSSRning qulashi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotiga yangi a’zo davlat sifatida chegaralar ichida, xalqaro miqyosda tan olingan, shu jumladan, Qrim ham”, degan u.

Vakilning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy bu izohlar o‘z pozitsiyasini aks ettiradimi yoki yo‘q buni tezlik bilan aniqlashtirishi kerak. Shuningdek, Fransiya departamenti javob salbiy bo‘lishiga umid bildiradi.

Lu Shayning mazkur mojaroli gaplarini eshitgan Boltiqbo‘yi mamlakatlari ham jim o‘tirgani yo‘q. Latviya, Litva va Estoniya tashqi ishlar vazirliklari Xitoy Xalq Respublikasining o‘z mamlakatlaridagi elchilarini zudlik bilan chaqirtirdi. Xitoyning Riga, Vilnyus va Tallindagi elchilari 24 aprel, dushanba kuniyoq Latviya, Litva va Estoniya tashqi ishlar vazirliklarida paydo bo‘lishi lozimligi aytilgan.

Latviya departamenti rahbari Edgar Rinkevich o‘zining Twitter sahifasida Riga “Xitoy tomonining tushuntirishi va bu bayonotning to‘liq rad etilishini” kutayotganini yozdi.

“Xitoyning Fransiyadagi elchisining xalqaro huquq va xalqlar suvereniteti to‘g‘risidagi so‘zlari mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas”, deya ta’kidlagan latviyalik vazir.

Rinkevichning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning Rigadagi elchixonasi ishlari bo‘yicha vakolatli vakilning tushuntirishlar uchun chaqiruvi Litva va Estoniya bilan kelishilgan.

Estoniya tomoni ham Fransiyadagi xitoylik diplomatning Estoniya va sobiq Sovet Ittifoqining boshqa davlatlarining suvereniteti haqidagi bayonotiga izoh berishni istaydi. 

“Xitoy Xalq Respublikasi vakilining shunday qarashlari borligi achinarli. Bu pozitsiyani tushunib bo‘lmaydi. Xitoy vakilining mustaqil va suveren davlatlar haqidagi sharhlari yolg‘on va tarixni noto‘g‘ri talqin qilishdir.
Boltiqbo‘yi davlatlari xalqaro huquq bo‘yicha 1918 yildan beri suveren, ammo 50 yil davomida bosib olingan”, deya o‘z munosabatini bildirgan Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxknu.

Vazirning ta’kidlashicha, Tallinning maqsadi “bunday qarashlar qabul qilinishi mumkin emasligi va Estoniya suveren davlat ekanligini tushuntirishdir”.

Litva Tashqi ishlar vaziri Gabriyelius Landsbergis esa jahli chiqqanini yashirib o‘tirmadi va o‘zining Twitter sahifasida Xitoyni keskin tanqid qildi.

“Agar kimdir hali ham Boltiqbo‘yi mamlakatlari Xitoyning “Ukrainada tinchlikka vositachilik qilishiga” ishonmasligiga haligacha hayron bo‘lsa, mana Xitoy elchisi Qrimni Rossiyaniki, deb da’vo qilmoqda. Uning aytishicha, mamlakatlarimizning hech qanday huquqiy asosi yo‘q emish”, degan u.

Ukrainaning Fransiyadagi elchisi Vadim Omelchenko ham qarab o‘tirmay, Xitoy vakili Lu Shayning so‘zlariga javob qaytardi. Uning fikricha, xitoylik hamkasbining “geografiya bilan bog‘liq aniq muammolari” bor. 

“Uning geografiya bilan bog‘liq muammolari bor. Yoki bunday bayonotlar Pekinning “xalqaro huquq va BMT Nizomining maqsad va tamoyillari asosida Ukrainada tinchlikni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlari to‘g‘risidagi” pozitsiyasiga mos kelmaydi.
Odatdagidek “Qrim kimga tegishli?” degan savol berildi.
Keyingi safar “Vladivostok kimga tegishli?” degan savol berib savolni kengaytirishsa yaxshi bo‘lardi.
Noaniqlikka o‘rin yo‘q. Qrim bu – Ukraina!
Sovet imperiyasi endi mavjud emas. Hikoya oldinga siljiydi”, deb izoh yozgan ukrainalik diplomat o‘zining Twitter sahifasida.

Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning katta yordamchisi Mixail Podolyak ham o‘z Twitter’ida mazkur voqeaga munosabatini bildirib o‘tdi.

“Barcha postsovet davlatlari xalqaro huquqda mustahkamlangan aniq suveren maqomga ega. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidan aldov yo‘li bilan o‘rin olgan Rossiyadan tashqari. Ming yillik tarixiga puxtalik bilan qaraydigan mamlakat vakilidan “Qrim tarixi”ning bema’ni variantini eshitish g‘alati. Agar siz yirik siyosiy o‘yinchi bo‘lishni istasangiz, rus autsayderlarining tashviqotini to‘tiqush kabi takrorlamang...”, deb yozdi u.

Rossiya Davlat dumasi ham Lu Shayning gaplariga munosabat bildirdi. Sevastopol deputati Dmitriy Belik mazkur bayonotni “Rossiyaga qarshi isitmada bo‘lgan G‘arbdagi issiq boshlar uchun sovuq dush” deb atadi. Bu haqda u “RIA Novosti”ga bergan intervyusida gap ochgan.

Uning ta’kidlashicha, barcha yirik davlatlar rahbarlari Qrimning Rossiya tarkibiga kirishi demokratiyaga asoslangan adolatli va tabiiy tarixiy qadam bo‘lganini tushunishadi.

“Yana bir narsa shundaki, u Qo‘shma Shtatlarning geosiyosiy qonunlariga to‘g‘ri kelmadi. Ammo oq rang birdaniga qora rangga aylanmaydi, shuning uchun faqat an’anaviy qadriyatlarni va haqiqiy demokratik asoslarni rad etmagan davlatlar bugun adolat uchun kurasha oladi. Rossiya va Xitoy ham shunday davlatlar ro‘yxatida”,  deya ta’kidlagan Belik.

Xitoy vakili Lu Shay ham teleefir davomida Rossiya tarafini yaxshigina olgan eng muhimi Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish ekanligini aytgandi.

“Rossiya rahbariyati tomonidan muzokaralarni boshlash istagi bor, Ukraina tomoni ham muzokaralar o‘tkazish istagini bildirgan” degan fikrni aytdi. “Ammo menimcha, amerikaliklar urushning tugashini istamayapti, NATO a’zolari esa Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etmoqda”, degan edi Xitoy elchisi.

Xitoy vakilining sobiq sovet mamlakatlarining, xususan, O‘zbekistonning ham bugungi mustaqilligini shubha ostiga olgani haqidagi gaplariga O‘zbekiston nima deb javob qaytardi?

Hech qanday! O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bu haqida lom-mim degani yo‘q. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan eng so‘nggi xabarlar esa vazir Baxtiyor Saidovning Belgiya Tashqi ishlar vaziri Hadja Lahbib Xonim bilan uchrashgani va Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel bilan O‘zbekistondagi muhim islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda hamkorlikni kengaytirish masalalarida muzokara o‘tkazgani haqidagi xabar bo‘ldi.

Shuningdek, ayni paytda Lu Shay bilan bir joyda, Fransiyada bo‘lgan, Xitoy vakili bilan uchrashish, undan aytgan gaplari bo‘yicha izoh talab qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev ham Xitoylik hamkasbining gapi bo‘yicha hatto o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali hech narsa demadi. U oxirgi marta Parijda “O‘zbekistonlik. Generating ideas” xalqaro forumi bo‘lib o‘tgani haqidagi xabarni o‘zining Facebook sahifasida bo‘lishdi. E’lon qilingan suratlardan ko‘rish mumkinki, Xitoy elchisining postsovet mamlakatlari severenitetini shubha ostiga olgan gaplari butun dunyo bo‘ylab muhokama bo‘layotgan bir paytda u Parijdagi tantanavor tadbirda so‘zga chiqqan va nutq so‘zlayotgan bo‘lgan.

Bu orada esa bugun, 24 aprel kuni Xitoy hukumati o‘z elchisining 21 apreldagi shov-shuvli intervyusiga izoh berishga ulgurdi. https://qalampir.uz/n/81375 
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ningga ko‘ra, mamlakatning Qrim bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmagan va Xitoy barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishda davom etadi.

“Xitoyning tegishli masala bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmadi. Hududiy suverenitetga nisbatan Xitoyning pozitsiyasi doimo aniq bo‘lib kelgan. Xitoy barcha mamlakatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi hamda BMT Nizomining maqsad va tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Mao Ning.

Uning qayd etishicha, Xitoyning Ukraina masalasidagi pozitsiyasi aniq va izchil. Xitoy xalqaro hamjamiyat bilan Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilishga hissa qo‘shishda davom etishga tayyor, biroq ayrim ommaviy axborot vositalari Xitoyning Ukraina masalasidagi pozitsiyasini noto‘g‘ri talqin qilayotgani hamda Xitoy va tegishli davlatlar o‘rtasida kelishmovchilikni keltirib chiqarayotganini aytgan Mao.
Bundan tashqari, u Xitoy SSSR tarkibiga kirgan barcha respublikalarning suverenitetini hurmat qilishini ham ta’kidlagan.

“SSSR parchalanganidan so‘ng Xitoy birinchilardan bo‘lib turdosh davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri Xitoy doimo o‘zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyiliga amal qilib, ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirdi. Xitoy Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tuzilgan respublikalarning suveren maqomini hurmat qiladi”, degan u.

Lekin Xitoy nomidan biz yuqorida tilga olgan gaplarni aytib yuborgani uchun elchiga qanday chora ko‘rilishiga qo‘shimcha izoh bermagan.

Ma’lumot uchun, 1954 yil 19 fevralgacha Qrim SSSR tarkibiga kirgan. Keyin esa Ukraina tarkibiga o‘tgan. 2014 yilda yarim orolda referendum o‘tkazilib, natijada, o‘sha yilning mart oyida Qrim Rossiya tarkibiga kirdi. Ovoz berish natijalari aksariyat davlatlar tomonidan tan olinmagani bois bugungacha har ikki davlat o‘rtasida hudud uchun kurash davom etib keladi. Moskva esa bu hududlarga egalik masalasi muhokama uchun yopiq ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Postsovet davlatlarini tan olish masalasi esa BMT tomonidan 30 yil avval hal qilib bo‘lingan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin jahon hamjamiyati uning hududida paydo bo‘lgan suveren davlatlarni tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak edi. Belarus, Ukraina va Rossiya BMTdagi o‘z o‘rinlarini avtomatik ravishda saqlab qolishdi, qolgan respublikalar esa tan olish tartibidan o‘tishlari kerak edi. Boltiqbo‘yi mamlakatlari buni birinchi bo‘lib amalga oshirgan ya’ni 1991 yil kuzida. 1992 yil 2 martda sakkiz postsovet davlati (Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Gruziya 1992 yil 31 iyulda BMTga a’zo bo‘lgan postsovet davlatlarining oxirgisi sifatida tan olingan. Ya’ni mazkur mamlakatlarning, jumladan, O‘zbekistonning ham mustaqil davlat ekani aniq, bunga xalqaro huquqiy hujjatlar yetarli.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 14 sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing