Xayriya faoliyati bundan buyon qanday tashkil etilishi bo‘yicha tushuntirish berildi
Jamiyat
−
25 fevral 6560 4 daqiqa
Bugun, 25 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Yangi qonun loyihasida nimalar nazarda tutilayotgani bo‘yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Anvarjon Mirkomilov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Mirkomilovning aytishicha, hozirda amaldagi qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, homiylik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi har bir jismoniy va yuridik shaxsga taqdim etilgan. Ammo homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibi qonunchilikda aniq belgilanmagan.
“Shu sababli, ayrim g‘araz niyatli, “uddaburon” shaxslar tomonidan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘lari va mol-mulkini asossiz qo‘lga kiritish holatlariga oid xabarlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ramiz va bu keng jamoatchilik muhokamalari, e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Natijada bu homiylik faoliyati bilan qonuniy tarzda shug‘ullanuvchi tashkilotlarga bo‘lgan xalqning ishonchini susayishiga olib kelayotgani ayni haqiqat”, deydi u.
Qonun loyihasida kiritilayotgan muhim o‘zgarishlar:
Birinchidan, homiylik tashkilotlari, ya’ni nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, homiylikni amalga oshiruvchi va homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalarini naqd, naqdsiz va mol-mulk shaklida yig‘ishning aniq tartibi belgilanmoqda. Bunda:
-
homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida yoki homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshirilishi;
-
homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, uning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuzilishi;
-
homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida ushbu jarayonlar boshlanishi va yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda tegishli ma’lumotlar e’lon qilinishi va soliq hisobotlarida aks ettirilishi belgilanmoqda.
Ikkinchidan esa, jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘ngillilar tomonidan homiylik xayriyalarini yig‘ishning aniq tartibi belgilanmoqda. Xususan:
-
jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarini naqd pul yoki mol-mulk shaklida faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari manfaatida yig‘ishi mumkinligi, bunda naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini faqat o‘zlarining bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga olishi kerakligi;
-
ko‘ngillilar o‘ziga begona bo‘lgan homiylik oluvchilarga faqat e’lon berish orqali homiylik xayriyalarini yig‘ishga ko‘maklashishi mumkin. Bunda, xayriya pullari faqat homiylik oluvchi yoki uning yaqin qarindoshining bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga yig‘ilishi yoxud ularga bevosita berilishi qayd etilmoqda.
Uchinchidan, xayriya qutisi tushunchasi, uni o‘rnatish va undan foydalanish tartibi belgilanmoqda. Ya’ni:
-
xayriya qutisi faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘rnatilishi;
-
xayriya qutisi naqd pul shaklidagi xayriyalarni yig‘ish uchun mo‘ljallangan shaffof idish, uni ochish joyi vakolatli shaxslar tomonidan imzolangan, muhrlangan yoki plombalangan bo‘lishi kerakligi;
-
xayriya qutisida homiylik xayriyalarini yig‘ish maqsadi, uni o‘rnatgan yuridik shaxs haqidagi ma’lumotlar aks ettirilishi;
-
xayriya qutisini ochish, xayriyani hisoblash jarayoni xayriya tashkilotchisining vakolatli vakili va kamida ikki nafar guvoh ishtirokida amalga oshirilishi, bu jarayonlar videotasvirga olinishi, tegishli dalolatnoma tuzilishi va undagi ma’lumotlar bir kun muddatda jamoatchilikka e’lon qilinishi;
-
xayriya qutisidagi mablag‘lar u ochilgan kunda yoki keyingi ish kuni ichida tegishli bank hisobraqamiga kirim qilinishi mustahkamlanmoqda.
To‘rtinchidan, xayriyalarni yig‘ish va xayriya qutilarini o‘rnatish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ushbu tartib va qoidalarni buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Xalqona tilda aytadigan bo‘lsak, kiritilayotgan o‘zgarishlar ayrim g‘araz niyatli, “uddaburon”, “soxta xayriyachi”, “saxovatpesha firibgar” shaxslar xayriya mablag‘lari va mol-mulkka ega bo‘lishining oldini olish uchun xizmat qiladi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, mazkur Qonunning qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini buzishning oldini olishga, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashga hamda homiylik tashkilotlariga nisbatan xalqning ishonchini ortishiga xizmat qiladi”, deydi Mirkomilov.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr