Kavkaz birlashdi: do‘stini qutqarish uchun suvga sakragan bolani minglab aholi izlamoqda

Olam

image

Ingushetiyada Sunja daryosida yo‘qolib qolgan 8 yoshli Xizir Derbichevni topish bo‘yicha boshlangan keng ko‘lamli qutqaruv operatsiyasi butun mintaqani qamrab oldi va minglab aholini birlashtirdi.

Fojiaviy voqea 15 iyun kuni kunduz payti Karabulak va Yandare qishloqlari oralig‘ida Sunja daryosi qirg‘og‘ida sodir bo‘lgan. Xizir Derbichev ikki do‘sti — Adam va Muhammad bilan daryo bo‘yida dam olayotgan vaqtda voqea yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Adam tasodifan sirpanib suvga tushib ketgan, ammo yaqinidagi daraxt shoxi va ildiziga ilinib qolib, o‘zini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Shu paytda Xizir do‘stiga yordam berish uchun suvga tashlangan, biroq kuchli oqim uni olib ketgan. Uchinchi bola Muhammad esa darhol yordam chaqirish uchun yaqin atrofdagi odamlar tomon yugurib, yo‘lda ishga ketayotgan oilaga duch kelgan. Aynan ularning yordamida Adam qutqarib qolingan, ammo Xizirni topish imkoni bo‘lmagan.

Shundan so‘ng daryo bo‘ylab misli ko‘rilmagan masshtabda qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Operatsiyaga mahalliy qutqaruvchilar, favqulodda xizmatlar, ko‘ngillilar hamda qo‘shni respublikalardan kelgan yordam kuchlari jalb etilgan. Jami taxminan 6000 nafarga yaqin kishi, jumladan 4500 dan ortiq ko‘ngillilar qidiruvda ishtirok etmoqda. Ular daryo qirg‘og‘i bo‘ylab “tirik zanjir” hosil qilib, hududni metrma-metr tekshirishmoqda.

Qidiruv ishlariga Checheniston, Dog‘iston, Shimoliy Osetiya, Kabarda-Balqariya va boshqa Shimoliy Kavkaz respublikalaridan ham qutqaruv bo‘linmalari jalb etilgan. Checheniston rahbariyati topshirig‘i asosida maxsus xizmatlar Sernovodsk va Achxoy-Martan hududlarida ham faol ish olib borgan. Barcha zarur texnika va uskunalar ishga solingan, ayrim uchastkalarda suv oqimi vaqtincha to‘sib qo‘yilib, daryo sathi pasaytirilgan.

Qidiruvning 5-kuniga kelib, 19 iyun kuni maxsus texnika yordamida daryoning ayrim qismlari yo‘naltirilib, suv sathi kamaytirilgan. Bu orqali avval suv ostida qolgan hududlar ham tekshirilgan. Troitsk dambasi atrofida beton plitalar ko‘tarilib, ilgari ko‘rinmagan hududlar ham sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilgan. Kechayu kunduz uzluksiz navbatchilik tashkil etilgan, projektorlar yordamida tungi qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Biroq qidiruv jarayoni fonida jiddiy ekologik muammolar ham aniqlangan. Qutqaruvchilar daryo bo‘ylab noqonuniy quvurlar orqali tozalanmagan kanalizatsiya chiqindilari tashlab kelinayotgani, shuningdek, maishiy chiqindilarning ko‘pligi holatlariga duch kelishgan. Bu holat nafaqat tabiatga katta zarar yetkazayotgani, balki suv osti qidiruv ishlarini ham jiddiy qiyinlashtirayotgani ta’kidlandi.

Ingushetiya rahbari Mahmud-Ali Kalimatov mazkur holatga keskin munosabat bildirib, o‘zining Telegram kanali orqali daryoga noqonuniy oqova suv chiqarish holati aniqlanganini tasdiqladi. U bunday harakatlar ekotizimga jiddiy zarar yetkazishi va aholi salomatligiga xavf tug‘dirishini ta’kidlab, Tabiatni muhofaza qilish vazirligi hamda mahalliy hokimiyatlarga qirg‘oq hududlarini to‘liq tekshirish va barcha noqonuniy chiqindi manbalarini bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu bilan birga, mas’ullar bunday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonun doirasida javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.

Qidiruv jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda bola topilgani haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar ham tarqalgan, biroq keyinchalik bu xabarlar rad etildi – ular avvalroq vafot etgan boshqa bir bolaning eski surati bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda va Xizir Derbichevni izlash ishlari to‘xtatilmagan. Hokimiyatlar barcha kuch va resurslar ishga solingan holda operatsiya to‘liq yakunlanmaguncha harakatlar davom etishini bildirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing