Kanada AQSHga qo‘yilgan ayrim bojlarni bekor qilyapti
Olam
−
23 avgust 2215 2 daqiqa
Kanada Bosh vaziri Mark Karni mamlakat AQSH mahsulotlariga qo‘ygan ayrim bojlarni bekor qilishini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 foizlik bojxona to‘lovlari AQSHdan import qilinadigan po‘lat, alyuminiy va avtomobillarga nisbatan amalda qoladi. Biroq boshqa mahsulotlarni 1 sentyabrdan boshlab bojxona to‘lovisiz Kanadaga olib kirish mumkin bo‘ladi. Karni, shuningdek, ikki tomon savdo, investitsiya va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishini ta’kidlagan.
Bosh vazir ushbu qarorni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qilganidan bir kun o‘tib ma’lum qildi. “Bloomberg” Oq uy vakiliga tayanib yozishicha, AQSH ma’muriyati Kanadaning bu qarorini ijobiy kutib olgan va tomonlar hamkorlikni davom ettirishiga umid bildirgan.
Ma’lumot uchun, Kanada fevral oyida AQSH mahsulotlariga boj joriy qilgandi. Bu qaror Vashingtonning Kanada mahsulotlariga – energetika mahsulotlariga 10 foiz va boshqa tovarlarga 25 foiz boj belgilaganiga javoban qilingan edi. AQSH esa buni Kanadaning “fentanil oqimini jilovlash bo‘yicha hamkorlikdan bosh tortgani” bilan izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 1 avgust kunidan Kanadadan olib kiriladigan barcha mahsulotlarga 35 foiz boj solig‘i joriy etilishini e’lon qilgandi. Tramp ushbu qaror Kanadani AQSH bilan hamkorlik qilmagani va o‘z stavkalarini e’lon qilgani uchun joriy etilganini bildirgandi.