Kamtarona hayot va she’riyat: Eron oliy yetakchisi Xomanaiy haqida nimalar ma’lum?
Tahlil
−
22 iyun 42989 7 daqiqa
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy yopiq shaxs hisoblansa-da, so‘nggi kunlarda dunyo matbuoti sahifalaridan tushmayapti. Eron-Isroil mojarosi kengayib borayotgani fonida yahudiy davlati hamda AQSH rahbariyati Xomanaiyni yo‘q qilish rejasini yashirib o‘tirmayapti. Ularning iddaosicha, Xomanaiyning o‘ldirilishi go‘yoki Eronga “erkin nafas olish” imkonini beradi. Ammo shunday savol tug‘iladi: Islom Respublikasining an’anaviy dushmanlari nega Ali Xomanaiydan bunchalik qo‘rqadi va uning boshiga mukofot tikishga tayyor? Xo‘sh, Oyatulloh Ali Husayniy Xomanaiy o‘zi kim?
Yaqinda ABC News’ga bergan intervyusida yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Xomanaiyni yo‘q qilish harbiy mojaroni yakunlashga yaqinlashtiruvchi faktor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, mojarolar keskinlashuvining xavfi tufayli Tramp Tel-Avivga Oyatullohni yo‘q qilish rejasini amalga oshirishda ruxsat bermagan. Biroq bu AQSHda bunday niyat yo‘qligini bildirmaydi.
“Oliy rahnamoning qayerda yashiringanini aniq bilamiz. U oson nishon, ammo hozircha biz uni o‘ldirmaymiz, har holda hozir emas”, dedi Tramp shu haqda.
AQSHning o‘ziga yoqmagan xorijiy yetakchilarni yo‘q qilish tarixi hisobga olinsa, birgina “har holda hozir emas” jumlasi ham muhim signal hisoblanadi.
Inqilobiy qarashlar shakllanishi

Ali Xomanaiy 1939 yilda Eronning Mashhad shahrida nisbatan kamtarona turmush kechiruvchi mahalliy diniy ulamo Javad Xomanaiy oilasida ikkinchi o‘g‘il bo‘lib dunyoga kelgan. U erta yoshligida diniy ta’lim olib, Qur’on o‘qishni o‘rganadi. 18 yoshida Shia fiqhini o‘rganish uchun Iroqning Najaf shahriga safar qiladi, biroq otasining sog‘lig‘i yomonlashgani uchun ortga qaytadi.
Xomanaiyning oilaviy hayoti haqida ko‘p ma’lumot mavjud emas, faqat uylangani va olti farzandi borligi ma’lum. Uning she’riyatga qiziqishi hammaga ma’lum bo‘lib, bu uning jamiyatdagi obrazining bir qismidir. U tez-tez nutqlarida she’rlar o‘qiydi va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi shoirlar bilan ijodiy kechalar o‘tkazadi. Xomanaiyning adabiyotga bo‘lgan mehr-muhabbati diniy ulamolar orasida juda noyob hisoblanadi.
Xomanaiy hukumatga qarshi harakatlari uchun bir necha bor hibsga olingan va 1975 yilda surgun ham qilingan. Qaytib kelgach 1960-1970 yillarda Xomanaiy AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlangan monarxiya, ya’ni shohga qarshi inqilob yetakchisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy tarafdorlariga qo‘shiladi.

1979 yilgacha Eronga hukmronlik qilgan shoh Muhammad Rizo Pahlaviy AQSH va Buyuk Britaniya kabi g‘arb davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Neft daromadlariga asoslangan iqtisodiy o‘sish oddiy eronliklarning hayot sifatini yaxshilamagani sababli talabalar, ziyolilar va ruhoniylar inqilobni qo‘llab-quvvatladi.
Inqilobdan so‘ng Eron Islom Respublikasi deb e’lon qilindi va Xomanaiy Islom inqilobi kengashi a’zoligiga tayinlandi, mudofaa vaziri o‘rinbosari sifatida xizmat boshladi va Tehron juma namozlariga imomlik qildi.
Yangi hukumat g‘arbga qarshi imperialistik tashqi siyosat olib bordi. Eron davlat boshqaruvi respublika shakliga o‘tgach, 1980 yilda Abulhasan Banisadr mamlakatning birinchi prezidenti etib saylangan. Ammo 1980 yilda boshlangan Eron-Iroq urushi tufayli Ruhulloh Xumayniy Banisadrni harbiy harakatlarni boshqara olmaslikda ayblab, undan bosh qo‘mondonlik vakolatini olib tashlagan. 1981 yilning iyul oyida esa parlament Banisadrga impichment e’lon qilgan va keyinchalik uni prezidentlikdan ozod qilish to‘g‘risida farmon chiqaradi. Shundan so‘ng Banisadr bir qator siyosatchilar bilan birga Erondan chiqib ketadi.

Uning o‘rniga prezident bo‘lgan siyosatchi Muhammad Ali Rajoiy ko‘p o‘tmay, 1982 yilda Tehrondagi portlashda halok bo‘ladi. Shundan so‘ng hikoyamiz qahramoni Xomanaiy 95 foiz ovoz bilan Eron prezidenti etib saylanadi. Saylovdan oldin esa unga suiqasd uyushtirilib, bir qo‘li qattiq shikastlangan edi.

Iroq qo‘shinlarining Eron hududiga bostirib kirishi bilan boshlangan 1980-1988 yillardagi 8 yillik Eron-Iroq urushi oqibatida ikki mamlakatda qariyb bir million odam halok bo‘ldi. Bu davr Xomanaiy hayotidagi muhim bosqichlardan biri edi. U eronliklar “Muqaddas mudofaa” deb atagan mazkur urush davomida Oliy Kengash raisi sifatida Eron mudofaasini boshqargan. Kengash urush vaqtida mamlakatni to‘liq safarbar holatida ushlab turish va zarur ehtiyojlarni qondirishga mas’ul edi.
1981 yildan boshlab u Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmasi hisoblangan Islom inqilobi gvardiyasiga ham boshchilik qiladi. U Ruhulloh Xumayniyning urushdagi strategiyasini maqtab, bu ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi oddiy mojaro emasligini anglaganini aytadi:
“U urush maydonida ko‘rinmayotgan asosiy dushmanni angladi va Saddam shunchaki vosita ekanini tushundi”.

Xomanaiy bu urush ortida AQSH turgani, Saddam Husayn esa AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini aytadi.
Eronning oliy yetakchiligiga yo‘l
1989 yilda Ruhulloh Xumayniy vafotidan so‘ng Ali Xomanaiy uning vorisi etib saylandi. Uning hokimiyat tayanchi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bo‘lib, yangi tuzumning faoliyat yuragi va harbiy, iqtisodiy, ijtimoiy kuch o‘laroq xizmat qilardi.
1990 yillarda Xomanaiy kuchini mustahkamlab, raqiblarini yo‘q qildi va sodiqlarni mukofotladi. U har doim ustozi Xumayniydan meros bo‘lgan o‘zgarmas tamoyillarni pragmatik yuritish strategiyasiga sodiq bo‘ldi.
1997 yilda islohotchi Muhammad Hotamiy katta farq bilan prezidentlikka saylanganida Xomanaiy unga muayyan erkinlik berdi, ammo tizimning ideologik asosini har qanday xavfdan himoya qildi.
Xomanaiy 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSH bilan muloqot qilishga urinayotgan Hotamiyga to‘sqinlik qilmadi. Xumayniyning izidan borib, ommaviy qirg‘in qurolidan voz kechdi.
U IIQKning 2003 yildagi Iroqqa bosqinidan keyin amerikalik kuchlarni zaiflashtirish harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Bu mintaqada Eron ta’sirini kengaytirish va Isroilni tiyish strategiyasining yangi bosqichi bo‘ldi. Eron inqilobchilari 1979 yildan beri Isroilni “kichik shayton”, AQSHni esa “katta shayton” deb ataydi.
Oliy yetakchi sifatida Oyatulloh Xomanaiy barcha hokimiyat tarmoqlaridan yuqorida turadi. U sud tizimi, davlat OAV va xavfsizlik xizmatlari rahbarlarini tayinlaydi, prezidentlikka kim nomzod bo‘lishi mumkinligini belgilaydi.
Xomanaiy tashqi siyosat va harbiy strategiyani boshqaradi, IIQK va uning xorijdagi maxsus kuchlarini bevosita nazorat qiladi. Uning vakolati Eron yadro dasturini ham qamrab oladi, bu esa uni Isroil bilan keskin nizo markaziga aylantiradi.
Xomanaiy xavfsizligi

Shunday faoliyat va biografiyaga ega inson mamlakat dushmanlari uchun eng asosiy nishon. Shuning uchun Xomanaiyning xavfsizligi doimo nazorat ostida, uning joylashuvi esa kamdan kam hollarda ochiqlanadi. Tahlilchilar fikricha, uning shaxsiy xavfsizligi to‘g‘ridan to‘g‘ri uning idorasiga bo‘ysunuvchi IIQK maxsus bo‘limi zimmasida.
Eron-Isroil mojarosi kuchayganidan beri g‘arb OAVlarida Xomanaiyning harbiylar bilan aloqada bo‘lishi uchun maxfiy joyga ko‘chirib o‘tkazilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo ta’kidlash kerakki, Oyatulloh Xomanaiyga uyushtirilgan bevosita hujum hozirgi mojaroda favqulodda eskalatsiyani anglatadi. Bu butun Yaqin Sharqda oldindan aytib bo‘lmaydigan va uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Balki shuning uchun Isroildan tashqari hamma bu mavzuda juda ehtiyotkorlik bilan gapirmoqda. Lekin bu u xavfsiz degani emas. Xomanaiy oliy lavozimda turgan ekan, uning hayotidan xavotirlanishga har doim sabab mavjud.
“The Telegraph” nashri xabariga ko‘ra, Eron oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z xavfsizligini hatto IIQK ham bilmaydigan maxsus, yuqori maxfiy bo‘linmaga ishonib topshirgan.
“Xomanaiy Isroil razvedkasini rejim saflariga chuqur kirib olgan deb hisoblaydi. Shu sababli bu bo‘linma shunchalik maxfiy saqlanganki, hattoki IIQKning yuqori martabali vakillari ham uning mavjudligidan bexabar bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, nashr manbalaridan biri Xomanaiyning hayoti xavf ostida ekanini aytgan.
“U o‘limdan yashirinmaydi, yer ostidagi bunkerda o‘tirgani yo‘q. Ammo hayoti xavf ostida va uning xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan shunday bo‘linma borki, hech kim bu haqda bilmasligi kerak”, degan manbalardan biri.
Xomanaiy avval Tehronning 11 okrugida joylashgan “Yetakchilik uyi” kompleksida yashab, ishlagan. Ammo yaqinda e’lon qilingan videolar uning yashash joyini o‘zgartirganidan darak bermoqda. Endi u chiqishlarida orqa fonda ko‘pincha inqilob yetakchisi Oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning portreti ilingan jigarrang parda fonida ko‘rinmoqda. Bu esa uning avvalgi brifinglaridan sezilarli darajada farqlanadi.
Video tahliliga ko‘ra, bu chiqishlar IIQKning Tehron markazidagi media markazida suratga olingan bo‘lib, bu esa Xomanaiy yaqin atrofda yashayotganini yoki hattoki shu binoning ostida yashayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Urushdan oldingi ma’lumotlarda 86 yoshli oliy yetakchi xotini va farzandlari bilan Tehrondagi oddiy odamlar qatori odatiy hayot kechirishi aytib kelingan. Ta’kidlash kerakki, boshqa Yaqin Sharq liderlaridan farqli o‘laroq kamtarinroq hayot xalq noroziligining oz qismini bo‘lsa-da yo‘qotishga yordam berdi.
Live
Barchasi