Kadastr pasportini tayyorlash muddati uzaytirildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda ob’ektlarning murakkabligi va turiga qarab ularning kadastr pasportlarini tayyorlash muddati uzaytirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 27 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarorida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, ob’ektlarning murakkabligiga qarab kadastr pasporti quyidagi muddatlarda tayyorlanadi:

  • ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar uchun – 5 ish kunigacha (oldin 3 ish kunigacha bo‘lgan);
  • yakka tartibdagi uy-joy uchun – 8 ish kunigacha (oldin 5 ish kunigacha bo‘lgan).

Ko‘chmas mulk ob’ektlarining noturar joyga oid qismi va yaxlit ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha:

  • umumiy maydoni 100 kvadrat metrgacha – 8 ish kuni;
  • 100 dan 1000 kvadrat metrgacha – 10 ish kunigacha;
  • 1000 dan 5 000 kvadrat metrgacha – 15 ish kunigacha;
  • 5000 dan 15 000 kvadrat metrgacha – 20 ish kunigacha;
  • 15000 dan 50 000 kvadrat metrgacha – 26 ish kunigacha;
  • 50 000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganda – 35 ish kunigacha;
  • ajratilgan yer uchastkalari bo‘yicha – 5 ish kunigacha;
  • kadastr (yig‘majildi) pasporti yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda) yangi kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida beriladi.

Ko‘p yillik dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha:

  • umumiy maydoni 1 gektargacha – 15 ish kunigacha;
  • umumiy maydoni 1 gektardan 5 gektargacha – 20 ish kunigacha;
  • umumiy maydoni 5 gektardan 10 gektargacha – 26 ish kunigacha;
  • umumiy maydoni 10 gektardan 100 gektargacha – 35 ish kunigacha;
  • umumiy maydoni 100 gektardan ortiq – 40 ish kunigacha.

Shuningdek, endilikda ortiqcha egallab olingan yer uchastkasining maydoni huquqni belgilovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan 2 foizgacha ortiq va ushbu farq 30 kvadrat metrdan oshmagan holatlarda yer uchastkasining ushbu qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan deb hisoblanmaydi va soliq organlariga o‘zboshimcha egallangan yer sifatida yuborilmaydi.

Shu bilan birga, Kadastr agentligi tegishlicha ijara va mulk huquqini e’tirof etish maqsadida ko‘rib chiqiladigan yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yig‘majild hujjatlarini ushbu yer uchastkasi bino va inshootlar bilan band bo‘lgan taqdirdagina avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtiradi. Bunda yer uchastkasining chegarasi ko‘chmas mulk obekiga kirish qismidan boshlab aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekistonda turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayoni yanada tartibga solinib, “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili joriy etilishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

uy-joy Kadastr kvartira Kadastr pasporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing